O‘zbekiston | 10:57 / 09.02.2021
5617
2 daqiqa o‘qiladi

“Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi

O‘zining noyob tabiati, xususan rangdor flamingolari bilan mashhur Sudoche ko‘li hududi yangi maqomga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi PQ-4247-son qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy obektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida umumiy maydoni 280 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi.

Buyurtma qo‘riqxonasining asosiy maqsadi qirg‘oq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlarni saqlab qolish hamda ularni qayta ko‘paytirishdan iborat.

Qaror bilan Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2021 yil yakuniga qadar Sudoche ko‘lini xalqaro ahamiyatga (Ramsar konvensiyasi) ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

 2019 yilda “Sudoche-Akpetki” klaster buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilinishi haqida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgandi.

Mavzuga oid