Jahon | 11:22 / 10.02.2021
5903
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Trampning impichmenti jarayonini konstitutsiyaga zid emas deb topdi

AQSh Senati sobiq prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayoni Amerika konstitutsiyasiga zid kelmasligi haqida qaror qabul qildi. Bu haqda CNN telekanali xabar tarqatgan.

56 nafar senator (barcha demokratlar va olti nafar respublikachi) jarayonni konstitutsiyaviy jihatdan to‘g‘ri deb tan olishgan. 44 nafar respublikachi senator qarshi bo‘lishgan.

Impichment jarayoni 10 fevral kuni davom ettiriladi. Tomonlar chiqishlar ko‘rinishida debatlar o‘tkazishadi; ayblovchilar va himoyalovchilarga 16 soatdan vaqt ajratiladi. Tramp Senatda ko‘rsatma berishdan bosh tortgan, uning pozitsiyasini advokatlari ifoda etishadi.

  • Yanvar oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi Trampni tarafdorlarini Kapitoliyga hujum qilishga undashda ayblab impichment e'lon qilgandi. O‘shanda palataning 232 a'zosi, shu jumladan 10 nafar respublikachi ham impichment uchun ovoz bergan, 197 nafar kongressmen qarshi chiqqandi.
  • Shundan so‘ng ayblov moddasi Senatga yuborilgan. Senatorlar Trampni aybdor deb topishsa, u kelgusida davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilinadi.
  • Trampni aybdor deb topish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismining ovozi, ya'ni 100 nafar senatordan 67 nafarining ovozi kerak bo‘ladi. Hozirda Senatda respublikachilar va demokratlar soni teng - 50 nafardan, shu tariqa, ayblov Senatda tasdiqlanishi uchun kamida 17 nafar respublikachi senator demokratlarga qo‘shilishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid