O‘zbekiston | 20:42 / 12.02.2021
21594
2 daqiqa o‘qiladi

«Ipoteka bank»ga yangi rahbar tayinlandi

 «Ipoteka bank» ATIB bankining boshqaruv raisi lavozimida ishlagan Shuhrat Otaboyev prezident maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Elyor Inomjonov / Foto: Ipoteka-bank

«Ipoteka bank» ATIB Kuzatuv kengashi qarori bilan bankning boshqaruv raisi lavozimiga Elyor Inomjonov tayinlandi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Inomjonov 2019 yildan beri mazkur bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U 1978 yilda tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutini tamomlagan.

2003 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining tadbirkorlik fakulteti, 2013 yilda Xitotsubashi nomidagi universitetni (Yaponiya) bitirgan.

Ish faoliyatini 1999 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining shahar filialida boshlagan. 2004 yilgacha mazkur bank tizimida ishlagan. 2004-2005 yillarda Inkassatsiya birlashmasining Bektemir tumani bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2005-2007 yillarda Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Elyor Inomjonov «Ipoteka bank» rahbari bo‘lgunga qadar tizimda 2007 yildan buyon turli lavozimlarda ishlab keldi.

Avvalroq, ushbu bankning sobiq rahbari Shuhrat Otaboyev O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisiga o‘rinbosar etib tayinlangani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid