Sport | 12:29 / 17.02.2021
26996
10 daqiqa o‘qiladi

«Kamp Nou»da yangi qirol. Messi Mbappening soyasida

Leo Messi Chempionlar ligasida gol urishda davom etgan bo‘lsada, «Barselona» o‘z maydonida «PSJ»ga yirik hisobda yutqazdi, o‘yin qahramoni esa parijliklar hujumchisi bo‘ldi. Endi futbol olamida argentinalik yulduzning vorisi kim bo‘lishiga shubha qolmadi.

Foto: Reuters

Chempionlar ligasi
1/8 final

«Barselona» (Ispaniya) — PSJ (Fransiya) — 1:4 (1:1)
Gollar: Messi, 27 — penaltidan (1:0). Mbappe, 32 (1:1). Mbappe, 65 (1:2). Kin, 70 (1:3). Mbappe, 85 (1:4).
«Barselona»: ter Shtegen, Pike (Puch, 79), Jordi Alba, Langle, Dest (Mingesa, 71), Buskets (Pyanich, 80), de Yong, Messi, Grizmann (Breytueyt, 85), Dembele, Pedri (Trinkan, 79).
PSJ: Navas, Kyurzava, Florensi (Kerer, 89), Markinyus, Kimpembe, Guyye (Errera, 46), Verratti (Draksler, 73), Paredes, Ikardi, Mbappe, Kin (Danilu Pereyra, 85).
Ogohlantirishlar: Guyye, 20.
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).
16 fevral. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

O‘yin oldidan intriga ko‘p edi - bu nimchorak finaldagi eng afishali o‘yin edi. «Barselona» — «PSJ» o‘yini arafasida Messi Parijga yo‘l olishi haqida mish-mishlar tarqaldi - France Football o‘z muqovasida uning «PSJ» libosidagi suratini joylashtirdi. Di Mariya o‘z vatandoshini jamoada kutishini aytdi, Kuman uni raqib jamoani hurmat qilmaslikda aybladi. Muxlislar esa 4 yil oldingi YeChL tarixidagi eng yorqin o‘yinni - kataloniyaliklar 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatga 6:1 hisobidagi g‘alaba bilan javob qaytargan o‘yinni muhokama qilishdi.

O‘yinning 10-daqiqasigacha Leo Messi maydonda ko‘rinmadi. Bunga sabab to‘p ungacha yetib bormayotganida edi. To‘p unga tekkanida esa maydon egalari darhol xavfli vaziyat yaratishdi — Messi ortga qaytib to‘pni o‘zi egalladi va uni Pedriga uzatdi, u esa raqib jarima maydonida Antuan Grizmanni topdi. Fransuz hujumchisining zarbasi kuchsiz chiqdi va darvozabon osonlik bilan to‘pni egallab oldi. Keyingi epizodda — jarima maydoni ichida tovon bilan yana Grizmannga pas, lekin Marko Verratti hujumchining oyog‘iga tashlanib xavfni bartaraf etdi. «Barselona»ning har qanday xavfli hujumi Messisiz bo‘lmasdi. Keyin Frenki de Yongga havolatib ajoyib uzatma yo‘lladi - penalti. Videohakamlar to‘rtinchi takroriy lavhadan keyin penaltini tasdiqlashdi - Kurzavaning tizzasi raqib oyog‘iga tegib ketganiga shubha qolmadi. Messi qatorasiga 17-mavsumda YeChLda gol urdi va hisob 1:0.

Ko‘rinishidan barchasi mantiqiydek edi. Messisi bor «Barselona» Neymarsiz «PSJ»dan kuchliroqdek edi. Ammo goldan keyin mezbonlarning o‘yini o‘xshamadi. Ter Shtegen ketma-ket aqlbovar qilmas seyvlar qildi, lekin u barcha zarbalarni qaytara olmasdi.

Neymar yo‘qligida Mbappe katta sahnaga chiqdi. Verratti darvozabon maydonchasi yaqinidagi hujumchiga to‘pni tashlab berdi, u esa himoyachilar orasidan yorib o‘tib hisobni tenglashtirdi.

O‘yinning 65-daqiqasigacha tomonlar zarbalar almashib turishdi: «Barsa»da Messi ijrosida xavfli jarima zarbasiga guvoh bo‘ldik (to‘p to‘singa tegdi), «PSJ»da – Kinning zarbasi (ter Stegen qahramonlik ko‘rsatdi). Ammo bu oqshomda maydondagi eng energiyali inson - Mbappe qirol edi.

Ikkinchi gol: ofsayd chizig‘ida harakatlangan Florensi o‘ng qanotdan yorib kirdi va markaz tomon to‘pni yo‘naltirdi. Pike to‘pni qaytarishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi, undan to‘p Mbappega bordi va darvoza tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llandi.

Ko‘p o‘tmay parijliklarning boshqa bir yosh hujumchisi Moyze Kin ham o‘z nomiga bitta gol yozdirib qo‘ydi - yana himoyachilarning bolalarcha xatosi. Pike noyabrdan buyon ilk marta maydonga tushgandi, Langle esa butun mavsumni juda yomon o‘tkazmoqda. Bunday holatda Mbappega qarshi turish imkonsiz edi.

Hisob yiriklashib ketgach maydon egalari butun kuch bilan oldinga borishdi, ammo to‘pni yo‘qotishdi. «PSJ» a'lo darajadagi qarshi hujumni tashkillashtirdi: Mbappe to‘pni Drakslerdan qabul qilib yuqori burchakni nishonga oldi – het-trik completed.

Safardagi 4:1 hisobidagi g‘alabadan keyin javob o‘yinida intriga qolmadi. 

Avgust oyida argentinalik futbolchining klubdan ketish haqidagi shov-shuvli bayonotidan keyin yuzaga kelgan beqaror vaziyat hamon saqlanib turibdi. Lekin futbolchi avvalgidek o‘ynashda davom etmoqda. Statistika ham shundan darak beradi: argentinalik futbolchi barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi 10 o‘yinda 11 gol urgan. «Barselona» bu o‘yinlarda 8 g‘alabaga erishgan.

Lekin Chempionlar ligasida birgina Leoning o‘zi natijani hal qilish uchun yetarli bo‘lmay qoldi, jamoadoshlari unga yetarli darajada yordam bera olishmayapti. Hech kimga sir emas - so‘nggi yillarda kataloniyaliklar ko‘rsatayotgan natijalar bir kishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Barselona» endi avvalgi kabi o‘yinlarda to‘la ustunlikka erishmayapti, hatto o‘z uyidagi o‘yinlarda ham asosiy e'tiborni to‘pga egalik qilishga qaratmayapti — masalan, oxirgi o‘yinning ikkinchi bo‘limi o‘rtalarida «PSJ» bu borada 51ga 49 nisbatida ustunlik qilayotgandi. Ko‘k-anorranglilar qayta qurish davrini boshdan kechirayotgani tushunarli, ammo bunday holatni ko‘rish qayg‘uli.

Ammo eng asosiysi, bu oqshomda maydonda Messidan ko‘ra yorqinroq o‘ynagan futbolchi bor edi. Va bu Krishtianu Ronaldu emasdi. Kilian Mbappe het-trikni rasmiylashtirdi, ammo gap faqat urilgan gollardamas. Fransuz maydonda istaganini qildi: istagan joyida tezlik oldi, himoyachilarni osonlik bilan ortda qoldirdi, istalgan nuqtadan zarba berdi — istalgan joydan gollar urdi. Bularning barchasi 7-8 yil oldingi Messini eslatadi — Mbappe tez orada «Oltin to‘p»larni kim kolleksiya qilishini anons qilmoqda. So‘nggi yillarda u tez orada yangi qirol bo‘lishi haqida gapirishni boshlashgandi, endi esa o‘sha pallalar kelgan ko‘rinadi.

Messining holati esa qayg‘uli. Ehtimol, bu uning «Kamp Nou»da «Barsa» safidagi so‘nggi YeChL o‘yinidir. Ko‘rinib turibdiki, kataloniyaliklar yaqin yillarda Yevropada sovrindor bo‘lishga da'vo qila olishmaydi, ayniqsa klub moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgani hisobga olinsa. Agar shunday bo‘lsa, jamoa afsonasiga aylangan futbolchi bilan xayrlashish chindan qayg‘uli bo‘ladi. Ha, to‘rt yil muqaddam Parijdagi 0:4 hisobidan keyin Barselonada 6:1 hisobi qayd etilgandi, ammo u butunlay boshqa davrlar edi. Hozir esa Messining erasi poyoniga yetmoqda.

O‘yin haqida statistikalar:

  • Kilian zarbalar berishda (6), aniq zarbalar soni bo‘yicha (4), yaratilgan vaziyatlar soni bo‘yicha (4) va raqib jarima maydonida to‘pga eng ko‘p teginish borasida (10) o‘yinning eng yaxshisi bo‘ldi. 
  • Mbappe – YeChL tarixida «Barselona» bilan o‘yinda het-trik qayd etgan ikkinchi futbolchi. Birinchisi – Andrey Shevchenko bo‘lgandi. Sheva Kiyevning «Dinamo» klubi safida afsonaviy het-trigini nishonlaganida, 1997 yilda hali Mbappe tug‘ilmagandi. 
  • Messi qatorasiga 13 yilda barcha turnirlarni hisobga olganda 20tadan ko‘p gol urmoqda.
  • «PSJ» – 2013 yildan keyin «Barselona»ni «Kamp Nou»dagi pley-off o‘yinida mag‘lub etgan ilk klub.
  • Draksler raqibdan to‘pni olib qo‘yishda eng yaxshi natijani qayd etdi (3). Havbek o‘yinga 73-daqiqada qo‘shildi.
  • Mbappe YeChL yoki Yevropa chempionlari kubogi pley-offi doirasida «Barselona»ga «Kamp Nou»da kamida ikki gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Bu ishni ilk bora «Real»ning afsonaviy vengr hujumchisi Ferens Pushkash – 60  yil muqaddam Yevropa chempionlari kubogi yarim finalida amalga oshirgandi.
  • Mbappe YeChLda 41 o‘yinda 40 golda ishtirok etdi: 24 marta o‘zi urdi, 16 marta assist muallifi bo‘ldi. U hali 22 yoshda. 
  • Mbappe «PSJ»ning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Pedro Pauletani ortda qoldirdi (109 golga qarshi 111 gol), oldinda – Zlatan (156) va Kavani (200). Agar Kilian Parijda yana bir-ikki mavsum o‘ynasa, birinchi o‘ringa chiqib olishi ham mumkin.
  • Kilianning YeChL pley-off o‘yinlaridagi gollari soni 10taga yetdi – fransuzlar orasida u Zidan (8)ni ortda qoldirdi, tez orada Anri (12)ni ham ortda qoldirib, Benzema (18) bilan ham raqobat boshlashi mumkin.

Endi «Barselona» Parijda kamida 4 gol urishi kerak. Javob o‘yini – 10 mart kuni.

Mavzuga oid