«Real»da ichki muhit kundan kunga yomonlashmoqda. «Barselona» bilan o‘yinga bir necha kun qolganida madridliklar mojaro girdobida qoldi – ish shu darajaga borib yetdiki, futbolchilar o‘zaro janjallashmoqda.

Chuameni va Valverdening janjali

So‘nggi kunlarda futbol olamidagi asosiy yangilik – Oreliyen Chuameni va Federiko Valverde o‘rtasidagi mushtlashuv bo‘ldi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yarimhimoyachilar dastlab chorshanba kungi mashg‘ulot chog‘ida nizolashib qolgan, ammo o‘shanda ish ochiq mushtlashuvgacha borib yetmagan.

Payshanba kuni futbolchilar hissiyotlarini jilovlay olishmagan. Xabar qilinishicha, fransiyalik futbolchi mojaroga chek qo‘yish uchun Fededan uzr so‘ragan, ammo urugvaylik uning uzrini qabul qilmagan. Mashg‘ulot vaqtida esa jamoadoshiga qarshi qo‘pol o‘ynay boshlagan. Murabbiy Alvaro Arbeloa vaziyatni to‘g‘rilash uchun ularni mashg‘ulotda bitta jamoa safida o‘ynatgan. Lekin vaziyat yumshamagan.

As nashri yozishicha, kiyim almashtirish xonasida Valverde Chuamenini bir kun oldin bo‘lgan janjalni OAVga sizdirishda ayblagan. Oreliyen esa buni qat’iy rad qilib, jamoadoshidan uni ayblashni to‘xtatishni talab qilgan. Fede esa to‘xtamagan, shundan so‘ng Oreliyen unga musht tushirgan. Zarbadan so‘ng Valverde yiqilgan va stol burchagiga urilib boshi yorilgan. Shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan va boshini tikishgan.

Valverdening raddiyasi

Hozirda futbolchi bazaga qaytgan. «Real» matbuot xizmati rasmiy bayonotida aytilishicha, unda bosh miya jarohati qayd etilgan. Bunday holatlarda futbolchi ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi mumkin.

Ko‘p o‘tmay Valverde ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida holat yuzasidan izoh berdi: u vaziyat bo‘rttirib yuborilgani, bu har qanday jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatligi va bunday xabar kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasligi kerakligini aytgan. 

«Jamoadoshim meni urgani yo‘q, men ham uni urmadim. Lekin tushunaman: biz mushtlashganimizga yoki bu ataylab qilinganiga ishonishingiz osonroq, lekin unday emas. Bahs paytida men tasodifan stolga urildim, bu esa peshonamda kichik tirnalishga va shifoxonaga borishimga sabab bo‘ldi», – deya yozgan Fede.

Futbolchi «Real»ning og‘ir mavsumi va Chempionlar ligasini tark etishni qabul qilish og‘ir bo‘lganini tan olgan.

«Biz yana bir yilni behuda sarfladik. Men g‘azab va alamimni ichimga yutardim, ammo oxir-oqibat hammasi bema’ni janjalga aylanib ketdi», – degan futbolchi.