O‘zbekiston | 20:31 / 20.02.2021
36939
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki nafar «Tez yordam» xodimi tajovuzga uchrab, reanimatsiyaga yotqizildi

Toshkentda ikki nafar tibbiyot xodimiga marhumning yaqinlari tomonidan tan jarohati yetkazildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

19 fevral, tungi soat 23:13da tez tibbiy yordam koll-markaziga Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi xonadonlarning biridan chaqiriq tushgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, tez yordam brigadasi chaqiruv joyiga soat 23:25da, ya'ni 12 daqiqada yetib borgan va bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani uchun u zudlik bilan poytaxtdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.

Muassasa bosh shifokori B. Mamajonovga ko‘ra, shifoxonada 52 yoshli bemor D. N.ga «Gipertoniya kasalligi. Gipertonik kriz. O‘pka shishi va agonal holat» tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bu paytda bemorning holati og‘ir bo‘lib, ko‘z qorachig‘i kengaygan, fotoreaksiya aniqlanmagan, nafas aktivligi kuzatilmagan, uyqu arteriyasida ham pulsni aniqlab bo‘lmagan va shu tariqa bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan.

«Bemorga sun'iy nafas yuborish, yurakni bevosita massaj qilish, defibrillyator orqali ta'sir qilish va boshqa muolajalar qilinib, yurak va nafas reanimatsiyasi 30 daqiqa davomida 3 marta qayta o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor muolajalarga  qaramasdan, bemorda biologik o‘lim qayd etilgan», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bemorning vafoti haqida yaqinlariga ma'lum qilinganda uning farzandlari xizmat vazifasini bajarayotgan  shifokorlarga nisbatan sababsiz jismoniy tazyiq o‘tkazgan.

Buning oqibatida:

  • shahar tez tibbiy yordam xizmatining shifokori, 32 yoshli D.U. «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, travmatik shok 1,2-daraja» tashxisi bilan;
  • yana bir tez tibbiy yordam xizmat xodimi, 21 yoshli A.A. «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi. Ko‘krak qafasi sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi» tashxisi bilan mazkur shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun, 20 fevral tongida ham jabrlangan tibbiyot xodimlarining ahvoli og‘irligicha qolayotgani va ularga maxsus jarrohlik amaliyotiga tibbiy ko‘rsatma borligi sababli ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘llagan.

«Unda yuqorida qayd etilgan holatni qat'iy nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta'minlashda amaliy yordam so‘raldi», – deyiladi SSV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi axborotida.

Mavzuga oid