Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida nutq so‘zladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida chiqish qildi. Uning nutqidagi asosiy jihatlar: yaqin vaqtlar ichida parlament nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qiladi, joriy yilda yana 20 ming kishi fuqarolik oladi, qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmaydi, bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat'i nazar jazolanadi, O‘zbekiston mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachini, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarni kutmoqda.
Bugun, 22 fevral kuni O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida kengash a'zosi sifatida birinchi marta ishtirok etdi, prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu uchrashuvda nutq so‘zladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston so‘nggi yillarda kengashga a'zo bo‘lish uchun butun mas'uliyatni anglagan holda intilib kelganini ta'kidlab, yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan demokratik islohotlar ortga qaytmaydigan tus olganini qayd etib o‘tgan.
«Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da'vat» tashabbusini ilgari surish uchun Kengash a'zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz», degan davlat rahbari.
Prezident O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tgan.
Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi.
2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko‘zda tutadigan «hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bu o‘rinda so‘z Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish to‘g‘risida bormoqda.
Ikkinchidan, gender siyosati masalalari borasida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlari qat'iy davom ettiriladi. Joriy yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratiladi. Yaqinda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda. O‘zbekiston imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etadi.
To‘rtinchidan, aholining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Joriy yil O‘zbekistonda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb e'lon qilindi. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish, shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Beshinchidan, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Bu islohotlardagi eng asosiy yutuqlardan biri bo‘ldi. 2021 yilda, ya'ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi.
Oltinchidan, «Inson huquqlari sohasida ta'lim» deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazish taklif etiladi. O‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga O‘zbekiston o‘z hissasini qo‘shmoqchi.
Yettinchidan, Bosh kotib Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar kishi O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi.
Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash qat'iy maqsad qilinganini ta'kidlagan.
«Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat'iy maqsad qilganmiz. Shu asnoda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar ishlab chiqilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining din yoki e'tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachilarining tavsiyalarini alohida e'tiborga olganmiz.
Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat'i nazar, ular uchun jazo muqarrardir. Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilamiz. Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», degan davlat rahbari.
Prezident O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat'iy sodiq qolishini ta'kidlab o‘tgan.
«Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.
Bu borada mandatga ega bo‘lgan barcha vakillarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.
Shuningdek, Osiyo qit'asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko‘rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko‘mak berishga tayyormiz», degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari o‘z nutqi yakunida O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan prinsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari surishini yana bir bor ta'kidlagan.
Mavzuga oid
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026
Ukraina BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi
12:20 / 04.06.2026