O‘zbekiston | 14:28 / 26.02.2021
35967
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiga iliq havo oqimi kirib kelmoqda - «O‘zgidromet»

Ushbu haftaning ish kunlari oxirida O‘zbekiston hududi Rossiyaning Yevropa hududi orqali kirib kelgan juda sovuq havo massalari ta'siri ostida bo‘ldi.

«O‘zgidromet» xabarida aytilishicha, kechasi va ertalab havo harorati 10-12 daraja sovuqqacha pasaydi. Qoraqalpog‘istonda 20-22 daraja sovuq, Ustyurtda 23-25 daraja sovuq bo‘ldi. Kunduz kunlari harorat 4-6 daraja sovuqdan yuqoriga ko‘tarilmadi, shimolda harorat 8-10 daraja sovuq atrofida bo‘ldi. Bunday harorat me'yoriy qiymatlardan 12-17 darajaga past bo‘ldi.

Bugundan boshlab sovuq havo massalari respublika hududidan chiqishni boshladi. Uning o‘rniga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massalari kirib kelmoqda.

Dam olish kunlari havoning ilishi davom etadi. Yakshanba kuniga kelib, kechasi 3-5 daraja sovuqqacha kuchsizlanadi, kunduz kunlari esa 7-12 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Ammo bu fevral oyining oxiridagi iqlimiy me'yorlardan biroz pastroqdir.

Respublika hududining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va respublikaning tog‘li hududlarida ba'zi joylarda biroz qor yog‘adi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Mavzuga oid