Sport | 00:23 / 02.03.2021
3308
2 daqiqa o‘qiladi

Novak Jokovich Rojyer Federer rekordini takrorladi

Foto: Twitter/DjokerNole

Serbiyalik tennischi Novak Jokovich faoliyati davomida Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATR) reytingining eng yuqori pog‘onasini 310 hafta egallab, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha shveysariyalik afsonaviy tennischi Rojyer Federerning rekordini takrorladi. 

33 yoshli Jokovich ATR reytingining eng yuqori pog‘onasini ilk bor 2011 yil iyulda egallagan va 310 hafta davomida bunday natijani qayd qilgan. 

8 mart kuni esa serbiyalik sportchi shveysariyalik hamkasbining rekordini yangilashi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchiga aylanishi kutilmoqda.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 3-o‘rinni amerikalik sobiq tennischi Pit Sampras egallamoqda. U o‘z vaqtida 286 hafta davomida ATR reytingining 1-o‘rnini egallagan. Keyingi o‘rinlar chexiyalik Ivan Lendl (270 hafta) va amerikalik Jimmi Konnorsga (268 hafta) tegishli.

Ayni vaqtda ATR reytingida Jokovich peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Rafael Nadal va Daniil Medvedev egallamoqda.

Avvalroq Jokovich Australian Open finalida Daniil Medvedevni mag‘lubiyatga uchratib, ushbu musobaqaning 9 karra g‘olibiga aylangandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid