O‘zbekiston | 10:16 / 10.03.2021
3273
2 daqiqa o‘qiladi

Payariq tumani kompleks rivojlantiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Vazirlar Mahkamasining “2021–2022 yillarda Payariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bosh vazirning joriy yil 17 fevral kuni Samarqand viloyati Payariq tumaniga tashrifi davomida 2021–2022 yillarda Payariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish belgilangan.

Qaror loyihasi bilan Payariq tumanida sanoatni rivojlantirishni ta'minlaydigan yangi loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, raqobatbardosh va eksportbop hamda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligini ta'minlash, kambag‘allikni qisqartirish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy sohada tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, ta'lim sohasini rivojlantirish, aholini keng qamrovda sportga jalb qilish orqali sog‘lom turmush sharoitini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Mazkur tumanda ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz ta'minotini yaxshilash, yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aholiga avtotransport xizmatlari ko‘rsatish tizimini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “Xavfsiz hudud” apparat-dasturiy kompleksini joriy etish, shaharsozlik qoidalari asosida arzon uy-joylar qurish hisobiga aholi turmush darajasini yanada yaxshilash dasturning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Yuqorida qayd etilgan vazifalarni hal etish uchun 2021–2022 yillarda Payariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani aytiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid