O‘zbekiston | 10:15 / 11.03.2021
3671
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish tartibi belgilandi

Prezident farmoni bilan O‘zbekiston fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, nizom bilan O‘zbekiston fuqaroligi masalalari yuzasidan iltimosnoma va arizalar: 

O‘zbekiston hududida yashab turgan shaxs tomonidan – doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga;

O‘zbekistondan tashqarida yashovchi shaxs tomonidan – O‘zbekiston konsullik muassasasi, shuningdek O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi konsullik bo‘limiga topshiriladi. 

Ota-onasi yoki ulardan birining fuqaroligi o‘zgarganda ular iltimosnomasiga ko‘ra, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bola fuqaroligi faqat uning yozma roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.  

18 yoshga to‘lgan va muomala layoqatiga ega bo‘lgan, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish bo‘yicha iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.  

Iltimosnoma 3 ish kunida o‘rganib chiqiladi. Ma'lumotlar 3 ish kunida “E-Fuqaro” idoralararo ma'lumotlar bazasiga kiritilib, materiallar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyat ichki ishlar boshqarmalariga yuboriladi. 

“E-Fuqaro” IMBda tekshiruvdan o‘tib, yakunlangan talabnomaga muvofiq tekshiruv varaqasi chop etiladi. Materiallar va tekshiruv varaqasi asosida 1 oylik muddatda xulosa tayyorlanib, ichki ishlar vaziri yoki uning o‘rinbosarlaridan biri tomonidan tasdiqlanadi hamda umumlashtirilgan axborot-ma'lumotnoma bilan birga ko‘rib chiqish uchun prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga yuboriladi.

Nizom bilan O‘zbekiston fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish tartiblari ham belgilandi.  

Mavzuga oid