Jahon | 20:39 / 11.03.2021
15940
7 daqiqa o‘qiladi

Shahzoda Uilyam qirollik oilasidagi irqchilik bo‘yicha ayblovga javob qaytardi

Kembrij gersogi bo‘lgan shahzoda Uilyam o‘z ukasi, Sasseks gersogi Harri va uning rafiqasi amerikalik telejurnalist Opra Uinfriga bergan intervyusida Buyuk Britaniya qirollik xonadonidagi irqchilik to‘g‘risida bildirgan ayblovlaridan himoya qildi.

Foto: Reuters

Shahzoda Uilyam 11 mart kuni o‘z turmush o‘rtog‘i, Kembrij gersoginyasi Keyt Middlton bilan birga London sharqidagi Stratforddagi maktabga tashrif buyurdi. Maktabdan chiqayotganida jurnalistlardan biri shahzoda Uilyamdan qirollik oilasidagi irqchilik haqida so‘radi.

«Biz umuman irqchi oila emasmiz», degan gersog.

Opra Uinfriga berilgan intervyudan keyin shahzoda bilan gaplashgan-gaplashmagani haqidagi savolga javoban shahzoda Uilyam shunday degan: «Yo‘q, men hali u bilan gaplashmadim, ammo biz gaplashib olamiz».

Sasseks gersogi va gersoginyasining Opra Uinfriga bergan intervyusi davomida Megan Markl qirollik oilasi a'zolari o‘g‘li Archi tug‘ilganida uning terisi rangi qanchalik qora bo‘lishini muhokama qilishgani haqida gapirgandi. Shahzoda Harri shunday gap bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan, ammo oilaning aynan qaysi a'zolari bu haqda gaplashganiga aniqlik kiritmagandi. Efirdan so‘ng savollarga javob berar ekan, Opra Uinfri bu masalaga qirolicha Yelizaveta II ham, uning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi Filipp ham aloqador emasligini aytgandi.

Intervyudagi aynan irqchilik bo‘yicha ayblov Britaniyada va butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi - leyborist deputatlar qirollik saroyidan holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni talab qilishdi, bolalar ishlari bo‘yicha vazir Viki Ford britan jamiyatida irqchilikka o‘rin yo‘qligini ta'kidlab chiqdi.

Britaniyalik tarixchi Robert Leysi Harri va Meganning intervyusini «baxsiz oila haqida asl manbadan olingan hikoya» deb atadi. Qirollik oilasi biografi Penni Junor intervyuni qo‘l granatasiga o‘xshatdi, BBC muxbiri Jonni Daymond esa uni Britaniya monarxiyasiga pichoq urishga qiyosladi. CNN agentligi 1995 yilda malika Diana shahzoda Charlz bilan ajrashuvi haqida aytgan gaplaridan beri qirollik oilasi eng jiddiy inqirozga duch kelishini aytdi. Monarxiyani tugatish tarafdori bo‘lgan Republic harakati esa bu qirol Edvard VIII 1936 yilda Uollis Simpsonga uylanish uchun taxtdan voz kechganidan keyingi eng katta inqiroz bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Intervyuni hatto Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova sharhlab, buni «sahna bezaklarining qulab tushishi» deb atadi.

Harri va Megan tomonidan ko‘tarilgan asosiy muammo G‘arb OAV tomonidan irqchilik deb hisoblanmoqda. Britaniya nashrlari Archining tanasi rangidan qirollik oilasi a'zolarining qaysi biri xavotirga tushganini ochiqlashni talab qildi va oila a'zolarining kamligi, demak gumonlanuvchilar ham unchalik ko‘p emasligini ta'kidladi: Harrining otasi shahzoda Charlz va uning rafiqasi Kamilla, shuningdek, Harrining akasi shahzoda Uilyam va uning rafiqasi Keyt Middlton. Shahzoda Charlzni allaqachon irqchilikda gumon qilishdi; uning tarjimai holini yozuvchi Jonatan Dimblbi esa bunga ishonish qiyinligini aytdi.

O‘z navbatida, intervyuni tanqid qilganlar ham uchradi. Good Morning Britain shousi boshlovchisi Pirs Morgan Marklning hatto ob-havo haqidagi so‘zlariga ham ishonmasligini aytdi. Daily Mail gazetasi o‘z muqovasidan «Ular nima qilib qo‘ydi?» sarlavhasi ostida Harri va Meganning fotosuratini chiqardi. Nashrda er-xotinning boyligi 45 million dollardan oshishi qayd etib o‘tilgan.

The Sun gazetasi Megan hech qachon Buyuk Britaniyaga qaytmasligi mumkin deb yozgan va «Megxile» ( inglizchada Meghan — Megan va exile — surgun so‘zlarining qisqartmasi) so‘zini ishlatgan. 400dan ortiq ingliz OAV xodimlarini birlashtirgan Muharrirlar jamiyati OAVga nisbatan qo‘yilgan gersoginyaga tarafkashlik qilish haqidagi ayblovlarni rad etdi. Konservativ partiya a'zosi Zak Goldsmit Harriga «oilasini sharmanda qilgani» uchun tanbeh berdi va «Megan har doim xohlagan narsasini oladi», deya qo‘shimcha qildi.

Megan Marklning otasi Tomas qizining intervyuda aytgan gaplariga e'tiroz bildirdi.  U qizining Opra Uinfri bilan suhbatidan qattiq xafa bo‘lgani, Harri va Megan juda og‘ir bir damda qirollik oilasiga kuchli zarba bergani, ushbu intervyuni hech bo‘lmaganda 99 yoshli shahzoda Filipp tuzalib ketgunga qadar namoyish etmaslik kerak bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan.

Intervyu e'lon qilinganidan bir yarim kun o‘tgach, 9 mart kuni Bukingem saroyi unga nisbatan bayonot e'lon qildi va qirollik oilasi to‘ydan keyin juftlik duch kelgan muammolarga jiddiy yondashishini ma'lum qildi. «O‘tgan bir necha yil Harri va Megan uchun qanchalik og‘ir kechganini eshitib, butun oila ularga achindi. Ko‘tarilgan muammolar, ayniqsa, irqiy masalalar bizni tashvishga solmoqda. Ba'zi xotiralar aslidan farq qilishi mumkin bo‘lsa-da, ular o‘ta jiddiy qabul qilinadi va ularni qirollik oilasi alohida ko‘rib chiqadi», — deyiladi bayonotda. Unda shahzoda Harri, uning rafiqasi Megan va ularning o‘g‘li Archi «har doim qirollik oilasining sevimli a'zolari bo‘lib qolishi» qo‘shimcha qilib o‘tilgan.

Opra Uinfriga berilgan intervyu davomida Sasseks gersogi o‘zining oila a'zolari bilan, xususan, otasi, shahzoda Charlz bilan hamda akasi, shahzoda Uilyam bilan munosabatlarida yuzaga kelgan murakkabliklar xususida ham to‘xtalgan.

Harrining so‘zlariga ko‘ra u va Megan qirollik xonadoni a'zolarining majburiyatlaridan voz kechgach, shahzoda Charlz uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan.

Shahzoda Uilyam bilan munosabatlari haqida esa ular hozir yaqin emasligi, ammo barchasini «vaqt davolashi» haqida gapirgan.

Mavzuga oid