Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dam olish kunlari sovuq ob-havo kuzatiladi
Bugun, 12 mart kuni tunda shimoliy hududlarga Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlandi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda ba'zi joylarda qor yog‘di, shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, ayrim joylarda shamol kuchayishi 23-28 m/s gacha yetdi. Havo harorati bugun kunduz kuni 2-7 daraja iliqdan oshmaydi.
O‘zbekistonning qolgan hududlarida bahoriy iliq ob-havo saqlanib turadi, kun o‘rtasiga kelib, havo harorati 17-22 daraja iliqqacha ko‘tariladi, bu me'yordan 3-5 darajaga yuqoridir. Faqat janubi-g‘arbiy hududlarga Erondan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida kechga tomon ba'zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Ertaga nam havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi, aksariyat viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, ba'zi joylarda kuchli bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida faqat kechki soatlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi va kunduz kuni 10-15 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Shimoliy hududlar sovuq ta'siri ostida bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda ba'zi joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin, Xorazm viloyatida qor yog‘adi, ba'zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Harorat shimoliy hududlarda 3-8 daraja sovuqqacha pasayadi.
14 martda respublikaning barcha hududlari sovuq antitsiklon ta'siri ostida bo‘ladi. Markaziy va sharqiy tumanlarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi, ba'zi joylarda kuchli bo‘ladi. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida faqat kechasi va ertalabki soatlarda yog‘ingarchilik bo‘ladi. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam. Havo harorati kechasi va kunduz kuni 2 daraja sovuq - 3 daraja iliq, shimolda kechasi 10-15 daraja sovuq, kunduz kuni 2-7 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.
12-14 martda respublika hududining ko‘p qismida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba'zida esa 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
15 martda kechasi sovuq antitsiklon ta'siri kuchayadi, havo harorati 2-7 daraja sovuqqacha pasayadi. Kunduz kuni esa harorat ko‘tarila boshlaydi va 3-8 daraja iliqni tashkil etadi, bu mart oyi o‘rtasi uchun me'yoriy qiymatlardan 8-10 darajaga past bo‘ladi.
Qor yog‘ishi va past harorat respublika yo‘llarida yaxmalak hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Tog‘li hududlarda qor ko‘chkisi xavfi bor.