O‘zbekiston | 12:03 / 13.03.2021
3225
2 daqiqa o‘qiladi

Xivada YuNeSKO bilan hamkorlikda xalqaro forum bo‘lib o‘tadi 

Foto: Dunyo

Joriy yilda Xiva shahrida YuNeSKO bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyo sivilizatsiyalar chorrahasida» xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Dunyo» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan Koreya Respublikasi Madaniy meros ma'muriyati Merosni targ‘ib qilish byurosi bosh direktori Li Kyong Hun, ushbu tashkilotning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Cho Dong Chju va boshqa mas'ul xodimlari ishtirokida «davra suhbati» o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Li Kyong Hun Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning 2019 yil O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Samarqand shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan Koreya Respublikasi Madaniy meros ma'muriyati o‘rtasida imzolangan madaniy meros sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi doirasidagi amaliy hamkorlikni yuqori baholadi. Uning fikricha, madaniy va tarixiy merosni asrash, o‘rganish hamda kelajak avlodga yetkazish jamiyat barqaror rivojlanishini ta'minlashda katta ahamiyatga ega.

Tadbirda Janubiy Koreya tomoniga joriy yilda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri sanalgan Xiva shahrida YuNeSKO bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyo sivilizatsiyalar chorrahasida» xalqaro forumi bo‘lib o‘tishi haqida ma'lumot berildi. Ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti tomonidan BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surilgani ta'kidlandi.

«Davra suhbati» ishtirokchilari bo‘lajak forumning mintaqa va uning sarhadlaridan tashqarida sivilizatsiyalar shakllanishida muhim rol o‘ynagan Markaziy Osiyo umumiy madaniyati va merosini o‘rganish hamda ommalashtirish uchun yana bir imkoniyat ekanini qayd etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid