O‘zbekiston | 13:01 / 15.03.2021
6945
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi

Samarqandda «Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati» mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi. Unda, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, Afg‘oniston Islom Respublikasi Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy, Tojikiston Respublikasi Islom markazi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda va boshqa bir qator yetuk ulamolar qatnashmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmatining xabar berishicha, konferensiyani viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ochib bergan va mehmonlarni Samarqand zaminida ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirgan.

Qayd etilishicha, kecha 14 mart kuni har ikki mamlakatdan kelgan delegatsiya vakillari O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Samarqand viloyatidagi ko‘plab tarixiy qadamjolar bilan birga Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan. Bundan tashqari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida va Hadis ilmi maktabida bo‘lib, bu yerda talaba yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Shuningdek, Misrning Al-Azhar universiteti professori Mahmud Abdulloh Abdurrahmon ishtirokidagi mashg‘ulotlar va dars jarayonini kuzatishgan.

Tashrif doirasida mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzeyidagi eksponatlar, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish markazi tomonidan hadya etilgan xattotlik asarlari namunalarini ko‘zdan kechirgan.

Ma'lum qilinishicha, xalqaro anjuman quyidagi mavzularga bag‘ishlanadi:

1️. Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari, afzalliklari;

2️. Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati va millatlararo totuvlikni ta'minlashdagi o‘rni;

3️. Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik, diniy-milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar va o‘zgarishlarni targ‘ib qilish.

Ta'kidlanishicha, konferensiya davomida mehmonlarga din ishlari qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirilgan. 

Mavzuga oid