O‘zbekiston | 17:07 / 16.03.2021
28606
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida koronavirus bo‘yicha nazorat kuchaytirilmoqda

Toshkent shahrida koronavirusning yangi shtammlari keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin choralariga rioya etilishini nazorat qilish kuchaytirilmoqda.

Toshkent shahrida 2021 yil davomida koronavirusdan kasallanish holatlari soni boshqa hududlarga nisbatan oshgani, ayniqsa, co‘nggi 5 kunda poytaxtdagi kasallanish holatlari sezilarli o‘sgani munosabati bilan Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi yangi shtammlari keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda poytaxtda kasallik tarqalishining oldini olishni ko‘zda tutuvchi bir qator nazorat choralari ko‘rilishi belgilandi.

Xususan, Toshkent shahridagi barcha qurilish obe'ktlarida, o‘sha yerning o‘zida vaqtincha yashab ishlayotgan quruvchi va ishchilar sanitariya-epidemiologiya tartiblariga qat'iy rioya etishi yuzasidan nazorat kuchaytiriladi. 

Shuningdek, transport xizmati sifatini oshirish, haydovchi va yo‘lovchilar sog‘ligini himoya qilishni ta'minlash maqsadida yo‘nalishsiz taksilarni uch tildagi (o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi) «xavfsiz taksi» maxsus belgisi bilan bepul ta'minlash amaliyoti joriy qilinadi.

Bunda yo‘nalishsiz taksilarning quyidagi:

  • haydovchining niqobda bo‘lishi;
  • kiyinish madaniyatiga rioya qilishi;
  • avtomobilda antiseptik vositalarning mavjudligi;
  • avtoulov salonining tozaligi va dezinfeksiyadan o‘tganligi kabi talablarga rioya etishlari hisobga olinadi.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinish holatlari soni orta boshladi. Ayniqsa Toshkent shahrida kunlik o‘sish holatlari yuzga yaqinlashgan. Tarbiyalanuvchilari va o‘quvchilarida virus aniqlangan bog‘chalar va maktablar yopilib, masofaviy ta'limga qaytilmoqda. Shuningdek, bozorlarda karantin qoidalari kuchaytirilmoqda. 

Mavzuga oid