Iqtisodiyot | 22:20 / 17.03.2021
7638
4 daqiqa o‘qiladi

Eksklav hududlar uchun ayrim soliq stavkalari belgilanishi mumkin

Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Farg‘ona viloyatining ayrim hududlari eksklav hududlar sifatida e'tirof etilib, ushbu joylarda kodeksda nazarda tutilgan soliq stavkalaridan qat'i nazar, ayrim soliq stavkalari belgilanishi mumkin. Shuningdek, 2020 yil 31 dekabrgacha davrda soliq qarzi bo‘lgan ayrim soliq to‘lovchilardan 2 yilgacha soliq qarzi undirilmasligi taklif etilmoqda.

«Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda boshqa davlatlar hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi ayrim hududlari: Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Rishton tumanining «Cho‘ng‘ara» mahalla fuqarolar yig‘ini, shuningdek, Farg‘ona tumanining «Shohimardon» va «Yordon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari eksklav hududlar (O‘zbekiston Respublikasi ayrim hududlari) deb e'tirof etilishi nazarda tutilgan.

Eksklav hududlarida soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1) foyda solig‘i bo‘yicha – 1 foiz. Ushbu soliq stavkasi O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida soliq organida hisobda turgan va amalga oshirilayotgan faoliyatidan daromadlar oluvchi soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi;

2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha – 1 foiz. Ushbu soliq stavkasi O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida mehnat faoliyati amalga oshirilganda qo‘llanadi.

O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun qat'iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i chorakda 25 000 so‘m miqdorida to‘lanadi;

3) ijtimoiy soliq bo‘yicha:

  • yuridik shaxslar uchun (budjet tashkilotlari bundan mustasno) – 1 foiz. Ushbu soliq stavkasi O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning mehnatiga haq to‘lash fondiga nisbatan qo‘llanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun – yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida;

4) aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha – 1 foiz. Ushbu soliq stavkasi O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatidan olinadigan tushum qismi bo‘yicha soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi.

O‘zbekiston Respublikasi eksklav hududlarida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari va yer uchastkalari, shuningdek, mazkur hududlarda foydalaniladigan suv resurslariga nisbatan Soliq kodeksining tegishli moddalari bilan belgilangan mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvarga qadar davrda 2020 yil 31 dekabr holati bo‘yicha soliq qarzini majburiy undirish, shuningdek, penya hisoblash choralari ko‘rilmasligi nazarda tutilgan. Bunga:

  • turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarning yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
  • 2020 yilda vaqtincha qiyinchiliklar tufayli yuridik shaxslar tomonidan hisoblangan va to‘lanmagan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
  • 2020 yil 15 may holatiga qarzdorligi mavjud bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalarning soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar kirishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid