12:33 / 11.11.2023
29660

Davlat ichidagi davlat – dunyodagi eng g‘aroyib anklav va eksklavlar

Bugun dunyoda 80 ga yaqin anklav hudud bor. Ularning bir nechtasida hatto mustaqil davlatlar ham joylashgan. Sobiq ittifoq respublikalari orasida eng ko‘p anklav Farg‘ona vodiysida bo‘lib, bu yerda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlari bir-birining ichida joylashgan. Ular orasida eng yirigi O‘zbekistonga tegishli So‘x hisoblanadi.

Dunyoda 200 dan oshiq davlat bor va ular turlicha tortilgan chegaralarga ega. Ularning ayrimlari faqat bir davlat, boshqalari ko‘plab davlatlar bilan chegaradosh.

Dunyoda eng uzun va eng ko‘p davlat bilan chegarasi bor davlat bu – Rossiya. Bu mamlakatning umumiy chegarasi 61 ming kilometrni tashkil etadi. Shuningdek u 18 ta davlat bilan chegaradosh.

Keyingi o‘rinda Xitoy joylashgan. U quruqlikda 14 ta, dengizda 7 ta davlat bilan chegaradosh. Xitoyning quruqlikdagi chegarasi 22 457 , dengizdagi chegarasi 14 500 kilometr.

Ayrim davlatlar chegarasi turli sabablarga ko‘ra shunday tortilganki, birining hududi ikkinchisining ichiga o‘tib qolgan. Bunday hududlar anklav, yarim anklav hududlar deyiladi.

Ushbu materialda anklavlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Anklav va Eksklav nima?

Anklav bu – bir davlat ichida boshqa bir davlat hududining bo‘lishi. Eksklav esa bir davlat hududining boshqa bir davlat ichida bo‘lishi. Ya’ni boshqa bir davlat ichida bo‘lgan hudud ikki tomondan ikki xil nomlanadi. Masalan, So‘x biz uchun eksklav, Qirg‘iziston uchun anklav.

V hududga tegishli bo‘lgan C hududi A hudud uchun anklav, V hudud uchun eksklav himoblanadi

Bir davlat hududi boshqa ikkita davlat o‘rtasiga tushib qolishi bu faqat eksklav. Masalan, Ozarboyjonning Naxichevon muxtor viloyati Armaniston va Eron o‘rtasida joylashgan.

Ana shu hududni Armaniston va Eron anklav deya olmaydi, chunki ular Naxichevon bilan faqat chegaradosh. Shu sababli uni Ozarboyjon eksklav deb ataydi xolos.

Shuningdek, yarimanklav degan atama ham bor. Yarimanklavga asosan bir tomoni boshqa davlat bilan, qolgan qismi dengiz bilan o‘ralgan hududlar kiradi. Masalan, Rossiyaning Kaliningrad viloyati yarimanklav hisoblanadi.

Bugun dunyoda 80 ga yaqin turli anklav, yarim anklav hududlar bor. Quyida ularning ahamiyatga moliklarini tanishtirib o‘tamiz.

AQShga tegishli bo‘lgan Alyaska quruqlikda Kanada, suvda Rossiya bilan chegaradosh

Alyaska

Alyaska yarimanklav bo‘lib, o‘zi tegishli bo‘lgan mamlakatdan ayro joylashgan eng katta hudud hisoblanadi. Uning uch tomonini ikkita okean – Tinch va Shimoliy muz okeanlari o‘rab turadi. Alyaska quruqlikda faqat Kanada bilan chegaradosh.

Amerikaliklar Alyaskani 1867 yilda Rossiya imperiyasidan arzimagan pulga sotib olishgan. Shtat hududi 1 717 854 kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 1 million atrofida aholi yashaydi. Alyaska 1959 yilda shtat maqomini olgan.

Kliningrad oblasti

Kaliningrad viloyati

Rossiyaning Kaliningrad viloyati ham dunyodagi hududi katta anklavlardan biri hisoblanadi. Bu viloyatning g‘arb tomonini Boltiq dengizi suvlari o‘rab turadi.

Kaliningrad viloyatining hududi 15 ming kilometr kvadratdan sal oshiq. Aholisi 1 milliondan oshadi. Uning shimol va sharq tomonlari Litva bilan, janubiy tomoni Polsha bilan chegaradosh.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya samolyotlarini o‘z hududidan uchib o‘tgani qo‘ymayapti.

Shu sababli Kaliningrad va Rossiyaning boshqa qismlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar Boltiq dengizining shimoliy qismi bo‘ylab amalga oshirilyapti.

Shimoliy Irlandiyani quruqlikda faqat Irlandiya o‘rab turadi

Shimoliy Irlandiya

Shimoliy Irlandiya Britaniyaga tegishli hudud bo‘lib, u Irlandiya orolida joylashgan. Shimoliy Irlandiya yarimanklav hudud hisoblanadi.

Uni shimol va sharq tomondan Irland dengizi suvlari, janub va g‘arb tomondan Irlandiya davlati o‘rab turadi.

Shimoliy Irlandiya Britaniya tarkibida alohida ma’muriy birlik hisoblanadi. Uning hududi 13 800 kilometr kvadrat bo‘lib, qariyb 2 million odam yashaydi.

Naxichevonni Armaniston, Eron va Turkiya o‘rab turadi

Naxichevon

Ozarboyjonga tegishli bo‘lgan Naxichevon muxtor viloyatini shimol va sharqdan Armaniston, janub va g‘arbdan Eron o‘rab turadi. Naxichevan shimoliy-g‘arbda qisqa yo‘lak orqali Turkiya bilan chegaradosh va uning uzunligi 11 kilometrni tashkil etadi.

Naxichevonning hududi 5,5 ming kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda qariyb 500 ming aholi yashaydi.

So‘x tumanini Qirg‘iziston hududi o‘rab turadi.

So‘x

So‘x O‘zbekistonga tegishli hudud hisoblanib, u to‘liq Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan. So‘x alohida ma’muriy birlik – tuman hisoblanadi.

Tuman hududi 352 kilometr kvadrat bo‘lib, unda 19 ta aholi punkti joylashgan, qariyb 90 ming aholiga ega.

G‘azo sektorini quruqlikda Isroil va Misr hududi o‘rab turadi.

G‘azo sektori

1947 yilda BMT Falastin yerlarida ikkita davlat tuzish haqida qaror qabul qilganda arablarga ajratilgan uch bo‘lak yer tor yo‘laklar orqali o‘zaro bog‘langan edi.

Keyinchalik Isroil arablarning Livan janubiga tutash yerini butunlay bosib oldi. Iordan daryosining g‘arbiy sohili va G‘azo sektorining bir qismini egalladi. Natijada G‘azo anklavga, Falastin uchun eksklavga aylandi.

G‘azo anklavining hududi 365 kilometr kvadrat bo‘lib, uni g‘arb, sharq, shimol tomondan Isroil o‘rab olgan. Janub tomonini Misr nazorat qiladi. G‘azoda 2 milliondan oshiq odam ochiq osmon ostidagi qamoqxonada yashamoqda.

Gibraltarni quruqlikda Ispaniya o‘rab turadi

Gibraltar

1713 yilda Britaniya va Ispaniya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushdan so‘ng Gibraltar inglizlar qo‘l ostiga o‘tgan. O‘shandan buyon Ispaniya Gibraltar bo‘g‘ozida joylashgan bu hududga da’vo qilib keladi.

Gibraltar hududi juda kichik, bor-yo‘g‘i 6,5 kilometr kvadrat. U yerda 30 ming atrofida aholi yashaydi.

Gibraltar bugun Britaniyaning dengiz orti hududi maqomiga ega. Bu yerda yaqin tarixda ikki marta, 1967 hamda 2002 yilda referendum o‘tkaziladi va aholi Britaniya qo‘l ostida qolishni yoqlab ovoz beradi.

Ispaniya har ikki referendum natijalarini tan olmasligini va hududni qachonlardir kuch bilan bo‘lsa ham qaytarib olishini aytadi.

Ispaniyaga tegishli bo‘lgan Sabta va Malilya shaharlarini Marokash hududi o‘rab turadi

Sabta va Malilya shaharchalari

Gibraltarga da’vo qilib kelayotgan Ispaniyaning o‘zi ham ancha yillardan buyon Marokash shimoli bilan tutash bo‘lgan ikkita – Sabta va Malilya shaharchalarini arablarga topshirishdan bosh tortib kelyapti.

Har ikki shaharcha ham tarixan arablarga tegishli va Ispaniya ularni o‘rta asrlarda egallab olgan. O‘shandan buyon Marokash har ikki shaharchani olishga da’vogar, biroq Ispaniya ularni bermayapti. Har ikki shaharcha hozirda Yevropa Ittifoqining Afrika qit’asidagi chegarasi hisoblanadi.

Vorux

Vorux Tojikistonning Sug‘d viloyati Isfara nohiyasiga qaraydi va u Qirg‘izistonning Botken viloyati ichida joylashgan.

Vorux hududi 96,7 kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 25 ming aholi yashashi aytiladi. So‘nggi yillarda Vorux atrofida qirg‘izlar bilan bir necha marta qurolli nizolar yuz berdi.

Ayniqsa 2022 yilda sodir bo‘lgan mojaro har ikki tomondan ancha odamning halok bo‘lishiga va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi.

Tojikistonga tegishli Vorux va O‘zbekistonga tegishli Shohimardonni Qirg‘iziston hududi o‘rab turadi
Foto: stanradar.com

Shohimardon

Shohimardon Qirg‘izistonning Botken viloyati bilan o‘ralgan bo‘lib, u ma’muriy jihatdan Farg‘ona tumaniga qaraydi. Shohimardon hududi 90 kilometr kvadratdan iborat va u yerda 10 mingdan oshiq odam yashaydi.

Dubrovnik-Neretva

Dubrovnik-Neretva Xorvatiya hududi hisoblanadi va uni sharqiy tomonini Bosniya va Chernogoriya, g‘arb tomonini esa Adriatika dengizi suvlari o‘rab turadi.

Hududni Xorvatiyadan Bosniyaga tegishli bo‘lgan 2,37 kilometrlik quruqlik (Neum yo‘lagi) ajratib turadi. Dubrovnik-Neretva alohida viloyat hisoblanadi va uning tarkibida 17 ta tuman hamda beshta shahar bor.

Anklav hududi 1 781 kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 122 ming aholi yashaydi.

Angolaga tegishli Kabindani quruqlikda Kongo va Kongo demokratik respublikasi hududlari o‘rab turadi

Kabinda

Kabinda Afrika janubiy-g‘arbida joylashgan Angola davlatiga qarashli. Biroq u Angola chegarasidan 49 kilometr shimolroqda joylashgan.

Kabindani shimolda Kongo, sharqda va janubda Kongo demokratik respublikasi, g‘arbda esa Atlantika okeani suvlari o‘rab turadi. U Angola tarkibida alohida provinsiya hisoblanadi.

Anklav hududi 7,2 ming kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 700 mingdan oshiq aholi yashaydi. Kabinda hududida juda katta neft konlari bor. Ulardan qazib olinayotgan neft Angola budjetining 80 foizini qoplaydi.

Musandamni quruqlikda faqat BAA hududi o‘rab turadi

Musandam

Musandam yarimanklavi Arabiston yarimoroli sharqida joylashgan. Hudud O‘monga tegishli bo‘lib, uning yarmini BAA hududi, qolgan qismini Fors ko‘rfazi suvlari o‘rab turadi.

Anklav hududi 1,8 ming kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 31 mingdan oshiq aholi yashaydi. Musandamning o‘zi alohida provinsiya hisoblanadi.

Okusi-Ambeno

Mazkur anklav Timor orolida joylashgan. U orolning sharqiy qismidagi Sharqiy Timor davlatiga tegishli. Anklav hududi 817 kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 70 ming atrofida odam yashaydi.

Sharqiy Timor 2002 yilda Indoneziyadan ajralib chiqib, o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va Okusi-Ambeno alohida anklav sifatida ajralib qoladi.

Anklavdan Sharqiy Timorgacha 56 kilometr. Biroq Indoneziya quruqlikdan yo‘l bermagan. Shu sababli Okusi-Ambenoda yashovchilar Sharqiy Timorga parom va kemalarda borib kelishadi.

Bruneyga tegishli Temburong provinsiyasini quruqlikda Malayziya hududi o‘rab turadi

Temburong

Temburong Bruneyga tegishli hudud, uni Malayziya o‘rab turadi. Temburong hududi 1,1 ming kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda 10 mingdan oshiq odam yashaydi.

2018 yilda Bruney anklavni asosiy hudud bilan bog‘lash uchun dengiz ustidan uzunligi 13 kilometr, balandligi 20 metr bo‘lgan ko‘prikni qurib bitkazdi. O‘shandan buyon anklav aholisi avtomobil yo‘li orqali Bruneyga o‘tib-qaytish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Anklav davlatlar

Dunyoda bir qancha anklav davlatlar ham bor. Ularning ba’zilari ikki davlat orasida qolib ketgan. Boshqalari esa bir davlat ichida joylashgan.

San-Marinoni Italiya hududi o‘rab turadi

San-Marino

San-Marino dunyodagi qadimiy davlatlardan biri bo‘lib, u 301 yilda Rim imperiyasidan mustaqillikka erishgan. Bu davlatni to‘rt tomondan Italiya hududi o‘rab turadi.

San-Marinoning hududi 61 kilometr kvadratni tashkil etadi va unda bor-yo‘g‘i 35 mingga yaqin odam yashaydi.

Mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,7 milliard dollar bo‘lib, aholi jon boshiga hisoblaganda 49 ming dollar atrofida to‘g‘ri keladi.

Vatikan

Vatikan Italiya poytaxti Rim shahri o‘rtasida joylashgan bo‘lib, u 1929 yilda alohida davlat hisoblangan. Vatikanni nasroniy-katoliklar yetakchisi Rim papasi boshqaradi.

Vatikan hududi 0,49 kilometr kvadrat bo‘lib, bu yerda 1000 nafarga yaqin aholi yashaydi.

Lesotoni Janubiy Afrika respublikasi hududi o‘rab turadi

Lesoto

Lesoto qirolligi deb nomlanadigan bu davlatni to‘rt tomondan Janubiy Afrika respublikasi o‘rab turadi.

Bu davlat 1966 yilda Britaniyadan ozod bo‘lgan. Uning hududi 30 355 kilometr kvadrat bo‘lib, 2 milliondan oshiq odam yashaydi.

Lesoto dunyodagi kambag‘al davlatlardan biri hisoblanadi. Uning YaIM hajmi 2,7 milliard dollarni, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 1,3 ming dollarni tashkil etadi.

Yarimanklav davlatlar

Bruney

Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan bu davlatni uch tomondan Malayziya, bir tomonini Tinch okeani suvlari o‘rab turadi.

To‘liq nomi Bruney Dorussalom deb ataluvchi bu davlatning hududi 5,8 kilometr kvadrat, aholisi yarim millionga yaqin. Poytaxti Bandar-Sari-Begavon shahri hisoblanadi.

Bruney absolyut monarxiya hisoblanadi va uni sulton boshqaradi. Hozir uni Hassanal Bolkiah boshqarmoqda.

Andorra Ispaniya va Fransiya o‘rtasida joylashgan

Andorra

Ushbu davlat Pireney yarimoroli shimolida, Ispaniya va Fransiya orasida joylashgan. Andorra hududi 467 kilometr kvadrat bo‘lib, u dunyodagi eng mitti davlatlardan biri hisoblanadi.

Andorra konstitutsion monarxiya bo‘lib, uni knyaz boshqaradi. Bu davlatda bor-yo‘g‘i 82 ming aholi yashaydi. Davlat tili katalon tili hisoblanadi.

Noodatiy anklavlar

Naxva va Madha

Naxva va Madha

BAAning Sharja amirligida qo‘shni O‘monning Madha deb ataluvchi 77,7 kilometr kvadratdan iborat anklav hududi bor.

Ana shu anklavning o‘rtasida BAAga tegishli Naxva nomli qishloq joylashgan. Qishloq hududi 5,26 kilometr kvadratga teng. Ya’ni bir anklavning ichida boshqa anklav joylashgan.

Apipe

Argentina va Paragvay o‘rtasidagi chegaraning bir qismi Parana daryosi bo‘ylab o‘tadi. Shu joyda daryo ancha kengayib oqadi va o‘rtada Apipe oroli bor.

Apipe oroli Argentinaga qarashli hudud hisoblanadi. Lekin unga Paragvayga tegishli suvli hududdan o‘tib borish kerak.

Apipe Korriyentes provinsiyasining bir qismi hisoblanadi. Orol hududi 32 kilometr kvadrat bo‘lib, uzunligi 25, eni 8-10 kilometr chiqadi va u yerda 2 ming kishi yashaydi.

Dekeliya, Ksilotimbu va Ormideya

O‘tgan asrning 70-yillarida ikkiga bo‘lingan va yarmi greklarga, yarmi turklarga tekkan Kiprda Britaniyaga tegishli hudud bor.

Bu hudud Kipr orolining janubiy-sharqiy qismida joylashgan va u Dakeliya deb ataladi. Dakeliya anklavida asosan Britaniya harbiy bazasi joylashgan.

Anklavning ichida Kiprning to‘rtta hududi bor. Ulardan biri Ksilotimbu, boshqasi Ormideya deb ataladi. Qolgan ikkitasida elektrostansiyalar va qochoqlar lagerlari joylashgan. Bu yerda ham anklav ichida anklav joylashgan.

Ksilotimbuning hududi qariyb 1, Ormideya esa 1,6 kvadrat kilometr bo‘lib, ular Kiprning Larnaki okrugiga qaraydi. Ksilotimbuda 4 mingga yaqin, Ormideyada 5 ming odam yashaydi.

Kuch-Bihar

Kuch-Bihar nomli ikkita anklavlardan iborat hudud bor. Ulardan biri Hindistonga tegishli va Bangladesh hududida, ikkinchisi Bangladeshga tegishli va u Hindiston hududida joylashgan.

Bangladeshda joylashgan hindlarning Kuch-Bihar anklavlari 49,7 ming kilometr kvadarat bo‘lib, u yerda 40 ming atrofida odam yashaydi.

Hindistonda joylashgan bengallarning Kuch-Bixar anklavlari 69,6 kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda ham 40 ming atrofida odam yashaydi.

Hindiston hududida bengallarga qarashli 106 ta, Bangladesh hududida hindlarga qarashli 92 ta katta-kichik anklavlar bor. So‘nggi yillarda har ikki davlat ularni almashtirish uchun muzokaralar o‘tkazyapti.

Sent-Marten va Sint Marten

Karib havzasida Sent-Marten oroli bor. Uning yarmi Fransiyaga, yarmi Niderlandiyaga qarashli. Tomonlar orolni ikkiga bo‘lib olish haqidagi kelishuvni 1648 yilda imzolagan.

Hozirda Fransiyaga tegishli hudud Sent-Marten, Niderlandiyaga tegishli hudud esa Sint-Marten deb ataladi. Orolning Fransiyaga tegishli qismi anklav, Chunki atrofdagi bir nechta orol Niderlandiyaga qarashli.

Orolning Fransiyaga tegishli qismi 53 kilometr kvadrat bo‘lib, 36 ming aholi yashaydi. U Yevropa Ittifoqi hududi hisoblandi. Niderlandiyaga tegishli qismi esa yo‘q. Bunga sabab Sent-Marten va Sint-Marten ikki xil maqomga ega.

Fransiya o‘z anklavini dengiz orti hududi sifatida tarkibida saqlab qolgan. Niderlandiya esa Sint-Martenga muxtor davlat maqomini bergan.

Barle-Nasau va Barle-Hertog

Niderlandiyada g‘alati bir shaharcha bor. Uni niderlandlar Barle-Nassau, belgiyaliklar esa Barle-Hertog deb atashadi. Shaharchaning bir qismi Belgiyaga tegishli bo‘lib, u Niderlandiya hududi bilan o‘ralgan anklav hisoblanadi.

Bu yerda Belgiyaga tegishli hudud yaxlit emas va bir necha o‘n bo‘lakdan iborat. O‘z navbatida Belgiyaga tegishli anklav ichida Niderlandiyaning ham bir nechta kichik anklav hududlari bor.

Natijada, har ikki tomonga tegishli hudud aralashib ketgan. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara esa g‘aroyib tarzda binolar, ko‘chalar, piyodalar yo‘lakchalari o‘rtasidan o‘tgan.

Har ikki davlat ham Yevropa Ittifoqiga kirgani uchun ular o‘rtasida chegara yo‘q. Faqat oyoq ostiga chegara o‘rniga plyus belgisi bilan chiziqlar chizilgan. Bir qadam qo‘ysangiz bir davlat hududidan ikkinchisiga o‘tib ketaverasiz.

Shaharchaga har ikki tomondan alohida mer tayinlangan. Shuningdek, shaharchadagi har bir yo‘l ko‘rsatkichi, ko‘chalar nomi va boshqa yozuvlar ikki tilda yozib qo‘yilgan.

Shaharchaning har ikki qismida ikki xil qonunlar amal qiladi. Masalan, birida kafe va restoranlarni vaqtliroq yopish kerak, ikkinchisida esa tonggacha ishlasa bo‘ladi.

Ana shunday paytda chegara ustida joylashgan kafe va restoranlarda oshpazlar chiziqning narigi tomoniga o‘tib ishlayveradi. Stol-stullarni ham ertalabgacha ishlashga ruxsat beradigan davlat tomoniga o‘tkazishadi. Bunda hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.

Barle-Nassau va Barle-Hertog ana shunday g‘aroyib qoidalari bilan shunchalik mashhurki, har yili bu joyni ko‘rish uchun dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab sayyohlar kelishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top