Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliqchilar 1000ga yaqin korxonada keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkazadi
Soliq organlari soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlayotgan, faoliyatida yuqori xavf darajasi aniqlangan ayrim xo‘jalik sub'yektlarida Soliq kodeksi normalari asosida soliq auditi o‘tkazishni boshlamoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ayni vaqtda «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan tizimi orqali 66ta mezon asosida soliq xavfi darajasi yuqori bo‘lgan sohalar aniqlab olingan. Bular qurilish, ishlab chiqarish, import, xizmat ko‘rsatish, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalaridir.
Ta'kidlanishicha, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar tomonidan 2021 yilning yanvar oyida sement mahsulotlari realizatsiyasidan 14 mlrd so‘m soliqlar to‘lanmagan. Buning oqibatida davlat budjetiga yo‘qotishlarning yillik miqdori taxminan 160-170 mlrd so‘mga yetadi.
2021 yilning yanvar oyida alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar tomonidan 22 mlrd so‘mdan ortiq soliqlar to‘lanmagan. Bunda davlat budjetiga yo‘qotishlar o‘rta hisobda yillik 260-270 mlrd so‘mni tashkil etishi mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasining «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va boshqarish» tizimi 2021 yil 17 mart holatiga soliq xavfi darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan 200dan ziyod korxonani aniqlagani aytiladi.
Joriy yilning 20 aprelidan ushbu korxonalar (shu jumladan, yirik importyorlar, qurilish, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi firmalar, shuningdek xizmat ko‘rsatish sohasi)da bosqichma-bosqich soliq auditi o‘tkaziladi.
«Soliq auditi o‘tkazish faqatgina yuqorida ko‘rsatilgan faoliyat turlariga taalluqli emas. Agar soliq to‘lovchilarda soliqlardan qochishning yuqori xavf darajasi aniqlansa, amaldagi qonunchilik talablari doirasida soliq auditi o‘tkaziladi.
Binobarin, e'lon qilingan ro‘yxat «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan tizimi natijalariga ko‘ra soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi yuqori bo‘lgan yangi sub'yektlar bilan to‘ldirilishi mumkin», deyiladi DSQ ma'lumotida.
Soliq auditi o‘tkazish bosqichlari:
I-bosqichda 2021 yil 20 apreldan davlat soliq organlari tomonidan 56ta korxonaga nisbatan soliq auditi o‘tkaziladi;
II-bosqichda 2021 yil 1 iyulgacha yuqori soliq xavfi mavjud bo‘lgan 150ta korxona tekshiriladi;
III-bosqich 2021 yil 1 iyuldan boshlab o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Bu bosqichda dastlabki aniqlangan ma'lumotlar asosida yana 500-800ta korxonada soliq auditi o‘tkaziladi.
«Shulardan kelib chiqib, barcha soliq to‘lovchilardan soliq qonunchiligiga rioya etgan holda faoliyat yuritishni hamda xavfi yuqori bo‘lgan korxonalar ro‘yxatiga kirmaslik uchun «shubhali» operatsiyalarni amalga oshirmaslikni so‘rab qolamiz.
Soliq auditini tashkil etish va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi «Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi 1-son qarori bilan tasdiqlangan», deb xabar bermoqda qo‘mita.
Avvalroq, tadbirkorlar Soliq qo‘mitasini sudga bergani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
14:52 / 14.11.2025
“Davlat auditi” dasturida ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlar noqonuniy deb topiladi
09:10 / 23.10.2024
Energetika resurslari iste’molchilari energiya auditini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
17:37 / 12.07.2024
Hokimliklarda ichki audit xizmatlari tashkil etiladi
16:49 / 22.02.2024