O‘zbekiston | 16:42 / 17.03.2021
3427
1 daqiqa o‘qiladi

Taxtako‘pirda ellikqal'alik ovchilar tabiatga salkam 40 mln so‘mlik zarar yetkazdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Orol tabiatini muhofaza qilish prokuraturasi o‘tkazgan reyd tadbirida Taxtako‘pir tumanidagi «Qoniratko‘l» OFY hududida Ellikqal'a tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro noqonuniy ravishda ov qilib, tabiatga zarar yetkazgani aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, ovchilar motorli qayiqda, taqiqlangan bir dona yoritkich va sanchiq bilan 48 dona oq qayroq, 2 dona zog‘orabaliq, 1 dona leshch, 1 dona oq sula baliq hamda 4 dona yovvoyi o‘rdak ovlagani aniqlangan. Holat yuzasidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismiga asosan hayvonot dunyosiga keltirilgan zarar hisoblanganda, u 39,4 mln so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan tayyorlangan hujjatlar sud organlariga o‘rnatilgan tartibda taqdim etilmoqda. Ashyoviy dalil sifatida olingan baliqlar esa Nukus shahridagi Nogironlar uyushmasiga xayriya ehson sifatida topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Nukus atrofidagi ko‘lga uchib kelgan oqqushlarning birini qutqarib qolib, so‘ng yana shu ko‘lga qo‘yib yuborgan mahalliy bloger Baxtiyor Qodirbergenov taqdirlangandi.

Mavzuga oid