Jahon | 10:13 / 23.03.2021
8339
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda supermarketdagi otishmada 10 kishi halok bo‘ldi

Foto: twitter.com/NBCPhiladelphia

AQShning Boulder shahridagi (Kolorado shtati) King Soopers supermarketida yuz bergan otishma oqibatida 10 kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘ldi.  

Politsiyaning xabar berishicha, noma'lum erkak dastlab supermarket oldida otishma boshlagan, so‘ngra uni do‘kon ichida davom ettirgan. Chaqiriqqa birinchi bo‘lib yetib kelgan 51 yoshli politsiyachi Erik Telli otishma qurboniga aylangan.

Jinoyatchi politsiya bilan otishma vaqtida yaralangan va qo‘lga olingan. Uning shaxsi oshkor qilinmagan.

Tergov jinoyatchining motivlarini va sheriklari bo‘lgani yoki yo‘qligini hamda hujum vaqtida qanday quroldan foydalanganini aniqlashi kerak bo‘ladi. 

Voqea haqida AQSh prezidenti Jo Bayden xabardor qilingan. Oq uy matbuot kotibi Jyen Psakining ta'kidlashicha, Oq uy jamoasi prezidentni voqea tafsilotlaridan xabardor qilib turadi. 

17 mart kuni ham AQShning Jorjiya shtatida uchta massaj saloniga hujum qilinishi oqibatida 7 kishi halok bo‘lgandi. Birinchi hujum Cheroki okrugida, qolgan ikkitasi 50 km olisda joylashgan Atlantada sodir etilgan. Cherokidagi otishmada 3 kishi, Atlantadagi otishmada esa 4 ayol halok bo‘lgan. Politsiya Cherokidagi otishmada gumon qilib 21 yoshli Robert Aaron Longni hibsga olgan. Biroq hozirda ushbu hujumlar orasida bog‘liqlik borligi aniqlanmagan.    

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid