O‘zbekiston | 13:55 / 26.03.2021
3739
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent materialshunoslik universiteti tashkil etiladi

Toshkent materialshunoslik universitetini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Foto: KUN.UZ

Loyihaga ko‘ra, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda «Kompozit nanotexnologiyasi» MChJning Toshkent materialshunoslik universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Loyihada quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanishi nazarda tutilmoqda:

  • respublika iqtisodiyoti real sektorining ehtiyojini hisobga olgan holda, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, shuningdek, boshqa sohalarda yuqori malakali oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash;
  • yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
  • respublika va xorijiy davlatlar kadrlarining malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
  • ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish.

Universitet mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanib, mustaqil balansiga ega, ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlari doirasida javob berishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Universitetda ta'lim raqamli texnologiyalar, masofaviy ta'lim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-o‘qitish, «blendedlearning» va boshqa zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shaklida amalga oshiriladi.

Universitetda ta'lim olish to‘lov-kontrakt asosida, yuridik shaxslar — potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan ta'lim grantlari, shuningdek, yoshlarni o‘qitish uchun ajratiladigan yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari hamda to‘lov-shartnoma miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadi.

Universitet Toshkent shahar, Olmazor tumani, Mirzo G‘olib ko‘chasi, 7-a uy manzilida tashkil etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid