O‘zbekiston | 20:01 / 01.04.2021
82140
8 daqiqa o‘qiladi

Bazarov nimani ko‘zlagandi? Uning odamlarni junbishga keltirgan chiqishlari

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda bloger Miraziz Bazarov katta shov-shuv ko‘tardi. Xalqaro tashkilotlar tanganing ikkinchi tomoniga ham - uning huquqlari buzilishidan oldin u butun mamlakat aholisining his-tuyg‘ulariga daxl qilgani va o‘zbek ayollarini haqorat qilganiga e'tibor qaratishadimi? Uning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari aholi guruhlari o‘rtasida nizo qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakat sifatida baholanib, unga qonuniy jazo chorasi ko‘riladimi?

28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni oldida ro‘y bergan janjaldan keyin, kechqurun bloger Miraziz Bazarov o‘z uyi oldida noma'lum shaxslar tomonidan do‘pposlandi. Ayni vaqtda u tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «i» bandi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu voqeadan keyin xalqaro tashkilotlar vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan holda blogerga jabrdiyda sifatida qarab, u go‘yoki so‘z erkinligi huquqidan foydalangani uchun ta'qibga uchragani haqida bayonotlar berishmoqda.

Ammo aslida u faqatgina LGBT g‘oyalari tarafdori bo‘lgani uchungina hujumga uchradimi? Yoki u o‘ziga hujum qilinishiga erishdimi? Oldindan aytish mumkinki, u «troll»cha chiqishlari, alohida shaxslarni va butun jamiyatni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishlari oqibatini bila turib harakat qilgan, olov bilan o‘ynashgan.

Quyida uning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati bilan bog‘liq voqealar xronologiyasi keltiriladi.

Miraziz Bazarov internetda 2020 yildan buyon LGBT g‘oyalarini faol targ‘ib qilib kelgan. O‘tgan vaqt mobaynida hukumat ham, o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham unga jiddiy e'tibor qaratishmagan. U faqat so‘nggi provokatsion chiqishlaridan so‘ng tanildi va ko‘pchilikning nafratiga «sazovor» bo‘ldi.

Miraziz Bazarov 2021 yil 5 martida ILGA-Europe tashkilotining O‘zbekistonda gomoseksualizmni dekriminalizatsiya qilish borasidagi materialini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birgalikda, instagramda ijtimoiy va diniy mavzularda yozuvchi taniqli blogerlarni teg qilgan, bundan tashqari, bu blogerlar ham uning LGBT to‘g‘risidagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashini aytib, yolg‘on post joylashtirgan. Natijada, tomonlar o‘rtasida ziddiyali holat yuzaga kelgan.

U 11 mart kuni TikTok’dagi sahifasida LGBT huquqlarini himoya qiluvchilarni har juma kuni Toshkentdagi Xastimom maydonida yig‘ilishga chorlagan edi. «Hamma — LGBT safida bo‘lganlar kelmasin, u yerda sizni urishlari, o‘ldirib qo‘yishlari mumkin — LGBTning bazaviy huquqlarini qo‘llab-quvvatlovchi hamma ertaga va har juma Xastimomga kelishlari kerak», degandi u.

Uning navbatdagi jiddiy provokatsion chiqishi 20 mart kuni bo‘ladi. U O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlik qilishini aytib, prezidentlikka saylansa, mamlakatda «svingmahallalar» paydo bo‘lishini, ya'ni erkaklar o‘z ayollarini boshqa erkaklar bilan almashib, baham ko‘rishi hamda bir jinslilar munosabatiga yo‘l ochib berishini aytadi. Bunga sabab sifatida musulmon ayollar, xususan, o‘zbek ayollari shundoq ham doimiy ravishda erlariga xiyonat qilishlarini ta'kidlaydi.

Bundan tashqari, u mart oyi boshida Amir Temur xiyobonida aksariyati o‘spirinlardan iborat bo‘lgan Anime va K-pop muxlislarini to‘plagan. Bu jarayonni yoritish vaqtida ikki o‘spirin qizning o‘pishib turgan holatini ham namoyish etgan. Natijada, jamoatchilikda bu ham LGBT tadbiri bo‘lgani haqida tasavvur uyg‘otgan.

Uning bunday chiqishlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining g‘azabini uyg‘otgan, shu jumladan, blogerlar va jamoatchilik faollarining keskin noroziliklariga sabab bo‘lgan. Uning chiqishlariga nafrat ruhidagi postlar, uni jazoga tortishga chaqiriqlar soni ko‘paygan.

Ko‘rinib turibdiki, Bazarov qator qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, dinga e'tiqod qiluvchilarning his-tuyg‘ularini haqoratlagan. Shu tarzda, 28 mart kungi tartibsizliklar kelib chiqishiga xizmat qilgan.

Xalqaro tashkilotlar voqea yuzasidan munosabat bildirayotganida masalaning xronologiyasini o‘rganib, blogerning maqsadlari va agressiv harakatlariga e'tibor qaratishi va shunga yarasha baho berishi to‘g‘ri bo‘lardi.

U so‘z erkinligi, inson huquqlarini bayroq qilib, boshqa insonlarning izzat-nafsiga tegishi, dinni aralashtirishi, mamlakatning aksariyat aholisi uchun muqaddas hisoblangan tushunchalarni oyoqosti qilishi, o‘zbek ayollarining sha'niga chidab bo‘lmas tuhmatlar qilish orqali o‘zbek erkaklarining nafsoniyatiga tegishi o‘z oqibatlarini keltirib chiqarishi tabiiy holat edi. Natijada unga nisbatan «samosud» uyushtirildi.

Noqonuniy miting ham, «samosud» holati ham o‘zbekistonliklarning aksar qismi tomonidan qoralanmoqda.

Barcha qonunbuzarlar, provokatsion harakatlar sodir etgan blogerlar, shu jumladan, Bazarov hamda unga tan jarohati yetkazganganlarning xatti-harakatlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqiy baho beriladi. Zero, O‘zbekistonda samosudlar emas, faqat qonun hamda unga itoatkorlik ustuvor bo‘lishi shart.

  • Shu o‘rinda, ota-onalarga murojaat: farzandlaringizning tarbiyasiga e'tiborli bo‘ling, maqsadlari ezgu bo‘lmagan turli ommaviy tadbirlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymang! O‘g‘il-qizlaringiz bo‘sh vaqtlarida nima bilan shug‘ullanayotganiga, ijtimoiy tarmoqlarda kimlarga ergashayotganiga e'tibor qarating, befarq bo‘lmang.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) ikkinchi qismiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha'n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy e'tiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga ko‘ra yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasida o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida shaxsga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ayni vaqtda, amaliyotda uchrayotgan bu kabi holatlar Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) va qasddan badanga shikast yetkazish bilan bog‘liq (JKning 104, 105, 109 va boshq.) moddalari bilan malakalanmoqda.  

Mavzuga oid