Jamiyat | 21:46 / 01.04.2021
13539
3 daqiqa o‘qiladi

Erta ulg‘aygan bolalar maktabi. Tarbiya koloniyasidan reportaj

IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Zangiota tumanidagi 24-son tarbiya koloniyasiga press-tur uyushtirdi. Unda tarbiyalanuvchilar yashash tarzi, o‘quv mashg‘ulotlari haqida ma'lumot berildi.

Bu yerda 49 nafar 14-21 yosh oralig‘idagi jazo muddatini o‘tayotgan o‘g‘il bolalar tarbiyalanishadi.

OAV vakillari navbati bilan hududdagi turli obektlarni borib ko‘rishdi. Ilk manzilimiz ko‘p muddatli uchrashuv xonalari bo‘ldi. Tarbiya koloniyasi rahbari Shoira Adilovaning aytishicha, ko‘p muddatli uchrashuv xonalarida jazo muddatini o‘tayotganlarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari 24 soat davomida birga vaqt o‘tkazishlari mumkin.

Ilgari bu muddat 3 sutkani tashkil etgan. Pandemiya sababli muddat qisqartirilgan. Jazo muddatini o‘tayotganlarning yaqinlari avval PsR testlarini topshirib, manfiy javob olingandagina bu yerga kiritiladi. Bunday uchrashuvlar har 45 kunda 1 marta, bir yilda esa 8 marotaba o‘tkaziladi.

Koloniyada bunday xonalardan 6 ta tashkil etilgan. Shart-sharoitlar yetarlicha: oshxona, yotoqxona, dam olish xonalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, ota-onalar va yaqin qarindoshlar uchun qisqa muddatli uchrashuv xonalari mavjud. U yerda uchrashuv muddati 2 soatdan iborat.

Tarbiya koloniyasida haydovchilikka o‘qish va guvohnomasini olish uchun ham sharoit yaratilgan. Ma'lum avtomaktab bilan hamkorlikda jazo muddatini o‘tayotgan tarbiyalanuvchilar o‘rtasida “V” toifali haydovchilarni tayyorlash o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, 20 nafar tarbiyalanuvchilarga haydovchilik guvohnomasi berildi.

Keyingi manzil tarbiyalanuvchilarning yotoqxonasi bo‘ldi. 2019 yilda kapital ta'mirdan chiqqan yotoqxona 2 qavatli bo‘lib, kubrik tipi asosida qurilgan. U yerda tarbiyalanuvchilar yosh toifasiga, sodir etgan huquqbuzarligiga qarab ajratilmagan. Faqatgina birinchi qavatda xavfsizlik nuqtai nazaridan ilk marta, ikkinchi qavatda muqaddam sudlanganlar joylashtirilgan.

2019-2020 o‘quv yilida tarbiya koloniyasi qoshida Zangiota tumani Xalq ta'limi boshqarmasiga qarashli 35-sonli maktabning filiali ish boshladi. Maktabda 14 nafar oliy toifali o‘qituvchilar dars berib kelishmoqda. 2019-2020 o‘quv yili yakunida 9-sinfni tugatgan 10 nafar tarbiyalanuvchi shahodatnoma va 11-sinfni tugatgan 29 nafar tarbiyalanuvchi attestatga ega bo‘lishdi.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid