O‘zbekiston | 23:09 / 23.04.2021
6981
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi Andijonda sayyor qabullar o‘tkazmoqda

Andijon viloyatida Oliy sud raisi Kozimjon Komilov boshchiligida sayyor qabullar bo‘lib o‘tmoqda.

22 aprel kuni Asaka tumani «Yangiobod» MFYdagi «Mash'al» bolalar oromgohi hamda Qo‘rg‘ontepa tumani «Jannatbuloq» MFYdagi «Saylgoh» dam olish maskanida Xonobod shahri, Asaka, Buloqboshi, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari fuqarolari qabul qilindi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, sayyor tarzda umumiy qabul qilinganlar soni 385 nafarni tashkil etgan.

Shu kuni 49 nafar fuqaroning kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda mazmunan ko‘rish uchun qabul qilindi. 14 nafar fuqaroning apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqilishi ta'minlandi, 60 nafar fuqaroning da'vo arizalari birinchi instansiya sudining ish yurituviga olindi.

Shuningdek, 90 nafar fuqaroning turli mazmundagi arizalari qabul qilinib, shundan 59 tasi joyida ijobiy hal etildi. 172 nafar fuqaroga esa tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi.

Bundan tashqari, quyidagi masalalar hal etildi:

  • 66 nafar sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi;
  • 62 nafar fuqaroning arizasi qanoatlantirilib, MJtKning 21-moddasi qo‘llangan holda ogohlantirish bilan cheklanildi;
  • 103 ta tadbirkorlik sub'yekti o‘z ixtiyori bilan moddiy zarar o‘rnini qoplagani uchun ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma'muriy ishlar MJtKning 271-moddasi 11-bandiga asosan tugatildi;
  • 94 nafar shaxsga nisbatan MJtKning 33-moddasi qo‘llanib yengillik berildi;
  • 34 nafar fuqaroga aliment undirish haqidagi sud buyruqlari chiqarilib, ijroga qaratildi;
  • 40 ta holatda sudlar tomonidan yuridik ahamiyatga ega fakt belgilanishi natijasida fuqarolarning pensiya olish huquqi tiklandi;
  • 19 ta holatda ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra ularni yarashtirishga erishildi;
  • 18 ta holatda fuqarolarning talablari qanoatlantirilib, ularga berilmasdan kelinayotgan ish haqi undirib berildi.

157 ta holatda fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, nizolar hal etildi.

Andijon viloyatida sud-huquq organlari mutasaddilarining sayyor qabuli davom etmoqda.

23 aprel kuni Ulug‘nor va Izboskan tumanlarida ham qabullar tashkil etildi, 24 aprelda esa Baliqchi tumanida aholi murojaatlari qabul qilinadi.

Mavzuga oid