O‘zbekiston | 15:48 / 23.04.2021
5434
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 30 gramm radioaktiv materialni sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar ushlandi

Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi xodimlari poytaxtda 30 gramm radioaktiv material sotmoqchi bo‘lgan fuqarolarni qo‘lga oldi. 

IIBB xabariga ko‘ra, rejalashtirilayotgan noqonuniy kelishuv haqida ma'lumot Toshkent shahar IIBB tezkor vakillariga 17 aprel kuni kelib tushgan. Shu kunning o‘zida jinoyat qidiruv xodimlari alohida vazifalarni bajaruvchi mobil otryadni jalb qilgan holda, jinoyatchilarni qo‘lga olish bo‘yicha tadbir o‘tkazdi. 

Tadbir natijasida, uch kishi 30 gramm radioaktiv material evaziga 9 ming AQSh dollari olayotganida ushlandi. Qo‘lga olinganlardan biri – muqaddam sudlangan, Andijon viloyatlik 33 yoshli Oybek A. Uning sheriklari – 30 yoshli Adham N. va 27 yoshli Ahror T. xaridor izlab yurgan.

Mazkur fakt asosida Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 252-moddasi 2-qismi (“Radioaktiv materiallarni qonunga xilof ravishda egallash”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Tergov fuqarolar mazkur materiallarni qayerdan olganini aniqlashda davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid