O‘zbekiston | 08:46 / 01.05.2021
5663
4 daqiqa o‘qiladi

Eski Shildirning eski qabristoni ta'mirga muhtoj

Foto: KUN.UZ

Dang‘ara tumanining Eski Shildir qishlog‘idagi ayanchli ahvolga kelib qolgan qabristonni xalq ta'mirlayapti. Davlat tomonidan boshlangan ta'mirlash ishlari chala qolib ketgani aytilmoqda. 

Ijodiy jamoamiz bilan Dang‘ara tumani Eski Shildir qishlog‘iga fuqarolarning murojaatini o‘rgangani bordik. Murojaatchilar bilan uchrashib, ortga qaytar chog‘imiz murojaatchilardan biri «Uka, yo‘q demasangiz, sizni bir yerga olib bormoqchimiz. Biroz vaqt ajrata olasizmi?» deb qoldi. 

Suhbatdoshimizdan qayerga olib borishi haqida so‘radik. Ularning aytishicha, qishloqda mahalla ahli saxovatli hamqishloqlarining homiyligi yordamida, hashar yo‘li bilan qabriston qurayotgan ekan. «Shu ishlarni ham bir ko‘rib keting», deya yo‘l boshladi hamrohimiz. 

Qishloqning katta yo‘l bo‘yida qabriston bor bo‘lib, uning ichida qurilish-ta'mirlash ishlari ketayotgan ekan. 

«Qabristonda o‘tgan yili ta'mirlash ishlari boshlangan bo‘lib, ushbu ishlar chala qolib ketgan edi. Davlat tomonidan qabristonning atrofi yangitdan o‘ralib, asosiy darvozasi oldiga yer ayvon va bitta kichkina xonacha qurildi. Ko‘rib turganingizdek, atrofni o‘rash ham chala qoldirib ketildi», — deydi bizga hamrohlik qilayotgan fuqaro Iqror Yusupov.

Qishloq aholisi qabristonni ta'mirlash va obodonlashtirish borasida amaliy yordam so‘rab o‘z sektor rahbarlari — tuman prokuroriga bir necha marotaba murojaat qilgan, taklif kiritgan. 

«Prokuror sektoriga qaraymiz. Hamqishloqlar ko‘p bora aytdik qabristonni obodonlashtirish, ta'mirlash ishlarida yordam bering deb. Biror bir natija bo‘lmadi. Yaqinlari shu yerga dafn etilgan odamlar ziyoratga kelsa, qulay bo‘lgan joyning o‘zi yo‘q. Eski joyning ahvoli mana bu», — deya yo‘l ko‘rsatdi.

Guvohi bo‘lganimiz to‘kilib tushishiga oz qolgan eski bino va undagi ayanchli manzaralar bo‘ldi. 

«Ziyoratga kelganlar shu sharoitda o‘tirishga majbur. Shuning uchun ham odamlar, hamqishloqlar bir bo‘lib homiylar ko‘magida yangi joy qurdiryapmiz. Usti berk ayvon va xonalardan iborat yangi joyda odamlar uchun qulayliklar yaratiladi. Ishlarimiz endi yarmiga yetib keldi. Boshlagan ishimizni zora Dang‘ara tumani prokurori — sektorimiz rahbari, hokim buva ko‘rib oz-moz yordam bersa. Ajab emas, shuning uchun sizni bu yerga boshlab keldik. Yoritib bersangiz degan maqsadda», — deydi suhbatdoshimiz. 

Qishloqdan qaytar ekanmiz, odamlarning qabristonni obod qilish borasidagi birdamligi va ahilligini ko‘rib havas qildik. Dang‘araning Eski Shildir qishlog‘ida hashar yo‘li bilan qurilayotgan qabriston ziyoratgohiga tuman rahbariyati va sektor ma'muriyati yordam beradi degan umiddamiz. 

Fayzullo Sultonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid