Jamiyat | 20:03 / 08.05.2021
27555
6 daqiqa o‘qiladi

«Bolaligim konslagerda qolgan» - andijonlik Sasha amaki

Andijon shahrida yashovchi Aleksandr Vasilevskiy bolaligining to‘rt yili ikkinchi jahon urushi davrining eng mash'um sahifasi – fashizmning insoniyat oldidagi kechirib bo‘lmas jinoyatlari maskani bo‘lgan konslagerda, tutqunlikda o‘tgan.

Begunoh insonlar, hatto yosh bolalarni vahshiylarcha otib, pechlarda yoqib o‘ldirilganiga guvoh bo‘lgan qahramonimiz bilan suhbatimiz mudhish urush voqeliklari haqida bo‘ldi.

Fashistlar Aleksandr Vasilevskiy yashagan Ukrainaning Vinnitsa viloyatiga 1941 yilning 10 avgustida kirib kelishgan. Bosqinchilar uning oilasidagi to‘rt kishi – onasi, ikki singlisi va o‘g‘il ukasini konslagerga jo‘natishadi.

Oilaning ikki a'zosi konslagerdagi azoblarga dosh bera olmay halok bo‘lgan. Lager joylashgan hududni 1944 yilning 10 avgustida sobiq ittifoq qo‘shinlari ozod qilgan.

«Konslagerda doimiy ravishda 500 ming atrofida odam ushlab turilardi. Atrof o‘rmonzor. Nemislar lagerdan odamlarni o‘rmonga olib chiqib, otib o‘ldirardi.

Urush oxiriga borib konslagerda 100 nafarcha odam tirik qolgandi. Bizni ozod qilganlar orasida partizanlar ham bor edi. Biz yarim yilcha o‘rmonda partizanlar bilan birga yashaganmiz. Konslagerda men oilamizdan to‘rt kishi bilan birga bo‘lganman.

Onam, ikki singlim va ukam. Ikkitasi o‘sha yerda halok bo‘lgan, ikkitamiz omon qolganmiz. Otam frontda bo‘lgan.

Konslagerda bizga ovqat berishmasdi. Faqatgina mahalliy aholining yordami bilan tirik qolganmiz. Ular bizga sim to‘siqlar ortidan kartoshka, non bo‘laklarini tashlab berishardi. Mahalliy aholining bir qismi politsaylar edi, fashistlarga xizmat qilardi, boshqa qismi esa bizni asrab qolishga harakat qilardi. Ular tufayli biz omon qolganmiz.

Biz yosh bolalar suv tashirdik, kartoshka tashirdik. Kartoshka po‘stlog‘ini bizga yeyish uchun berishardi. Taom berishmasdi.

Odamlarni yoqib yuborishmasdi, otib o‘ldirishardi. Atrofdagi butun o‘rmon shu konslager qurbonlari bilan to‘lgan. Bu konslagerni butun dunyo «O‘lim sirtmog‘i» sifatida yaxshi biladi. Vinnitsa yaqinida Hitlerning qarorgohi bo‘lgan. U o‘sha yerdan to‘ppa-to‘g‘ri Moskvaga yo‘l olishni mo‘ljallagan.

Bir voqea esimda. Biz singlim bilan qochib ketishni xohlagandik. Burchakdan chiqib borsak, bir nemis bizga nazar solib, «Xende xox» degan. O‘ldirib qo‘yishidan qo‘rqib, ortga qaytganmiz. Kichkina bola edik. Singlim 10 yoshda edi.

Hozirgacha konslager bilan bog‘liq ichki hissiyotlar bor. Sog‘lig‘im avvalgidek emas. Men 9 yoshgacha maktabga bora olmaganman. Meni 1-sinfga qo‘lda ko‘tarib olib borishgan. Keyinchalik urush asoratlari ortga chekindi. Sog‘lig‘im biroz tiklandi», – deydi Aleksandr Vasilevsiy.

Aleksandr maktabni bitirgach, «Izvestiya» gazetasida Andijonda tibbiyot instituti ochilayotgani haqidagi xabarni o‘qib qoladi va institutga o‘qishga kirish uchun Andijonga keladi.

«Bu yerda birorta tanishim ham, qarindoshim ham yo‘q edi. Vokzaloldi ko‘chasi, hozirgi yangi bozor atrofidagi uylardan biriga joylashib, yashaganman. O‘qishga kirgach, 4-kursdan 1-shahar kasalxonasida urologiya bo‘limida tibbiy og‘a sifatida ishlay boshlaganman. Institutni bitirgandan boshlab pensiyaga chiqqunga qadar urolog bo‘lib ishlaganman.

Klinikada 1972 yilda urologiya bo‘limi ochilgan. Men shu bo‘limning birinchi mudiri bo‘lganman. Keyin tibbiyot instituti assistenti bo‘ldim, bir necha yil o‘tgach, tibbiyot fanlari nomzodiga aylandim», –deydi Aleksandr Vasilevsiy.

U Andijonda yashaydigan, o‘ziga hamkasb qiz bilan tanishib, turmush quradi. Ularning ikki farzandi bor – Eduard va Mixail. Ular ham shu yerda, Andijonda vrachlik kasbini tanlab ishlab kelishmoqda.

Nemis elchisi Vasilevskiyni Germaniyaga doimiy yashash uchun taklif qilgan. Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, davlat urush paytida konslagerda aziyat chekkan insonlarni to‘liq ta'minlashi kerak. Elchi to‘rt xonali uy beramiz, to‘liq ta'minlaymiz, deydi. Vasilevskiy rozi bo‘lmagan. Germaniya hukumati hozirgacha yordam berib turadi.

«Ko‘pchilik odamlar O‘zbekistondan ko‘chib ketishdi. Agar menga ham yomon bo‘lganida ko‘chib ketardim, lekin men bu yerni, shu odamlarni yoqtirib qolganman. Oilamiz hech qayoqqa ketmaydi. Bizning ildizimiz shu yerda. Bu – bizning kichik Vatanimiz.

O‘zbekistonda meni «Shuhrat» va «Jasorat» medallari bilan taqdirlashib, g‘alaba munosabati bilan ta'sis etilgan barcha yubiley medallarini berishgan.

Yangi avlodga aytadigan gapim shuki, ona yerni qadrlash kerak, rohat olayotgan yoshingni qadriga yet, bombalar uchmayotgani uchun rahmat ayt. Boshqa yurtlarda bombalar uchayotganini ular bilishadi, eshitishyapti. Bu yerda esa xotirjamlik hukm suryapti. Agar yomon bo‘lganida, biz ham ko‘chib ketgan bo‘lardik.

Prezidentimiz barcha ishlarni qilyapti. 12 million so‘m miqdorida bir martalik mukofot berdi. Hammasi uchun rahmat. Qancha pul berishidan qat'i nazar, eng muhimi – e'tibor, qadrlash va xotira. Gap pul miqdorida emas, hurmat-e'tiborda», – deydi u.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid