O‘zbekiston | 13:23 / 08.05.2021
15749
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda e'lonlar saytlaridan birida tulki bolasi sotuvga qo‘yildi

O‘zbekistonning ommabop e'lonlar sayti Olx.uz’da tulki bolasi sotuvga qo‘yildi. Sotuvchi uning narxini 250 dollar deya baholagan.

“Qo‘lga o‘rgatilgan, 2 oylik tulki sotiladi. Tovuq boshlari, oyoqlari va boshqa a'zolarini yeydi. Go‘shtli bulonda kasha ham qilib berish mumkin. Sotaman yoki jangovar kuchukka almashaman”, degan e'lon egasi.

E'longa qiziqib, ko‘rsatilgan raqam bilan bog‘landik. Go‘shakni ko‘targan bolakay 12 yoshda ekan (etika nuqtayi nazaridan ismi va manzilini sir saqladik):

– Tulkichani menga akam sovg‘a qilgan. O‘zi hayvonlarga juda qiziqadi, akamga qo‘lga o‘rgatishga yordam qilganim uchun tulkichani berdi. Men ham qushlarga, yovvoyi hayvonlarga juda qiziqaman. Tulkini sotib olsangiz, o‘zim zarur narsalari bilan beraman, qanday boqishni o‘rgataman. Tishlamaydi, bemalol uyda boqsa bo‘ladi. Keling, sotib oling, – dedi u biz bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri yo‘llarida sher bolasi topib olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, tarqalgan videolarda aks etgan sher bolasi topib olinmagan, balki ushlab qolingan.

“Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilayotgan reyd davomida Qashqadaryodan Andijonga harakatlanayotgan avtomashina tekshirilganda, unda sher bolasi olib ketilayotgani aniqlangan. Mutaxassislarning sher bolasi qayerdan, nima uchun olib ketilayotgani haqidagi savollariga haydovchi aniq javob bera olmasdan, hujjatlarni taqdim qilmagan. Sal o‘tmay esa “hujjatlarni olib kelaman”, deb sher bolasini tashlab qochib ketgan”, deyiladi ma'lumotda.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun 4-moddasida hayvonot dunyosiga nisbatan mulkchilik nazarda tutilgan. Unda:

“Hayvonot dunyosi umummilliy boylik bo‘lib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Tabiiy erkinlik holatida yashayotgan, shuningdek tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan yovvoyi hayvonlar davlat mulkidir. Yarim erkin sharoitda, sun'iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilgan yovvoyi hayvonlar yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lishi mumkin”, deyilgan.

Mavzuga oid