Jahon | 16:58 / 27.05.2021
20135
4 daqiqa o‘qiladi

Armanistonlik olti harbiy Ozarboyjon chegarasida asirga olindi

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida navbatdagi harbiy keskinlik yuzaga keldi. Rasmiy Boku mamlakat hududini minalashtirish bilan shug‘ullangan olti nafar armanistonlik diversant qo‘lga olingani haqida xabar qildi, Yerevandagilar esa minalashtirish chegarani tartibga solish ishlari doirasida o‘tkazilganini aytmoqda.

Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS

27 may tongida Ozarboyjon Mudofaa vazirligi soat 03:00lar atrofida Armaniston qurolli kuchlarining razvedka-diversiya guruhi Kelbajar tumanining Yuxari Ayrim aholi punkti yaqinida «arman-ozar chegarasini buzib o‘tgani»ni ma'lum qildi.

«Ozarboyjon armiyasining chegara yaqinidagi pozitsiyalariga olib boruvchi ta'minot yo‘llarini minalashga uringan olti nafar harbiy xizmatchi qurshovga olinib, qurolsizlantirildi va asir qilindi», deyiladi bayonotda.

O‘z navbatida, Armaniston Mudofaa vazirligi Gegarkunik oblastining chegara hududida muhandislik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan olti nafar harbiy xizmatchi asirga tushgani haqida xabar qilgan.

Keyinroq Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi Nikol Pashinyan armanistonlik harbiy xizmatchilar minalashtirish ishlarini olib borganini tasdiqladi, ammo diversiya bo‘yicha ayblovni rad etdi.

«Bizning harbiy xizmatchilar Ozarboyjon bilan chegarani tartibga solish bo‘yicha ish olib borib, ogohlantiruvchi belgilar bilan minalar joylashtirgan, diversiya maqsadi bo‘lmagan», degan u hukumat yig‘ilishida.

«Hodisa bizning hududda sodir bo‘lgan», deya qayd etgan Pashinyan («Interfaks»).

U chegaradagi hodisa «Ozarboyjon harbiylari ko‘rsatayotgani kabi odatiy hodisa emasligi»ni ta'kidlab o‘tgan. «Bu Armaniston hududiy yaxlitligiga va suverenitetiga daxl qiluvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfdir», degan Pashinyan.

Ozarboyjon TIV arman harbiylari chegaradan o‘tishga uringanini ma'lum qilib, buni 2020 yil 10 noyabrida tuzilgan, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi urushni to‘xtatgan, Moskva vositachiligidagi uch tomonlama kelishuvni buzish deb atagan. 2020 yil kuzidagi urushdan keyin Ozarboyjon 30 yilcha muqaddam Armaniston tomonidan Tog‘li Qorabog‘dagi egallab olingan hududlarning deyarli barchasini qaytarib olgandi.

«Arman diversantlari guruhi Ozarboyjon hududiga kirishga harakat qildi. Bu navbatdagi provokatsion akt va Armaniston tomonidan uch tomonlama kelishuvning buzilishi hisoblanadi», deya yozgan Ozarboyjon TIV rasmiysi Leyla Abdullayeva tvitterdagi sahifasida.

Ozarboyjon TIV chegaradan bir necha guruh o‘tishga uringani haqida xabar qilgan. «Bu guruhlar o‘z vaqtida aniqlandi. Guruhlardan biridan ikki kishi, yana biridan to‘rt kishi qurolsizlantirildi va asirga olindi. Diversantlarning bir qismi qochib ketdi», deyiladi bayonotda.

Armaniston Mudofaa vazirligi esa qo‘lga olingan olti nafar harbiyning familiyalarini e'lon qilib, ular Ozarboyjon hududida bo‘lmaganini yana bir bor qayd etgan.

Armaniston-Ozarboyjon chegarasining Gegarkunik va Syunik oblastlaridan o‘tgan hududlarida vaziyat 12 maydan keskinlasha boshlagandi, o‘shanda Armaniston Ozarboyjonning kichik harbiy qismi chegaradan o‘tganini da'vo qilib, KXShTga murojaat qilgandi.

Pashinyan Ozarboyjon bilan chegaradosh Syunik oblastidagi vaziyat tufayli harbiy yordam so‘rab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llaganini ma'lum qilgan. Ozarboyjon tomoni esa Yerevanning munosabatini noo‘rin deb atab, Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 2020 yil noyabrda tuzilgan bayonotga ko‘ra, Armaniston bilan chegaradosh Kelbajar va Lochin tumanlarida chegara qo‘shinlarini joylashtirish jarayoni borayotganini ma'lum qilgan.

Ikki kun muqaddam Gegarkunik oblastidagi Verin Shorja qishlog‘i yaqinida otishma bo‘lib o‘tgan. Armaniston Mudofaa vazirligi raqib tomoni arman postiga qarata o‘t ochganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid