Jahon | 20:00 / 31.05.2021
16558
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda sobiq bosh vazir va parlamentning sobiq spikeri hibsga olindi

Omurbek Babanov va Asilbek Jeenbekov

Qirg‘izistonda sobiq bosh vazir Omurbek Babanov va parlamentning sobiq raisi Asilbek Jeenbekov korrupsiyada gumonlanib hibsga olindi. Babanovning hibsga olingani haqida Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati, Jeenbekovning hibsga olinganini esa TASS axborot agentligining qo‘mitadagi manbasi ma'lum qilgan.

Ta'kidlanishicha, Babanov va Jeenbekov Qumtor oltin konini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishdagi korrupsiya holatlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida hibsga olingan.  

«Tergov doirasida olingan isbotlar asosida Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining «Korrupsiya» moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, sobiq bosh vazir Omurbek Babanov hibsga olindi», deb ma'lum qilingan qo‘mitada.

Shuningdek, qo‘mitadagi manba Asilbek Jeenbekovning hibsga olinganini ham tasdiqlagan.

17 may kuni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qumtor konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan «Kumtor gold kompani» korxonasi vakillariga nisbatan 4ta jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Qo‘mita rahbari Qamchibek Tashiyevning ta'kidlashicha, ushbu ish doirasida xavfli moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish, tuproq va atmosferani ifloslantirish, muzliklarni yo‘q qilish, sug‘urta va soliq qonunbuzarliklari bilan bog‘liq holatlar tergov qilinmoqda.

 Avvalroq Qirg‘izistonda respublikadagi eng yirik oltin konining milliylashtirilishi jarayoni boshlangandi. Qumtor konini o‘zlashtirish bilan 1990-yillar boshidan beri Kanadaning «Centerra Gold Inc.» korporatsiyasi shug‘ullanib keladi. Korporatsiyaning Qirg‘iziston hukumati bilan tuzgan kelishuviga asosan konni o‘zlashtirish maqsadida «Kumtor gold kompani» korxonasi tashkil etilgan.

18 may kuni konda vaqtinchalik tashqi boshqaruv joriy qilindi. Qirg‘iziston hukumatining bu xatti-harakatlari nafaqat «Centerra Gold Inc.» bilan, balki Kanada hukumati bilan mojaro chiqishiga sabab bo‘lgan. Kanada korporatsiyasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar hal qilinmasa, Qirg‘iziston hukumatini yetkazilgan zarar uchun arbitraj jarayoni doirasida javobgarlikka tortishini e'lon qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Qumtorda 17 tonnadan ko‘proq oltin olingan.

Mavzuga oid