O‘zbekiston | 08:42 / 12.06.2021
5181
3 daqiqa o‘qiladi

Ikkita xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi

Prezident tomonidan XMT Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi «Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-son Konvensiyasini (Jyeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun hamda «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasini (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun imzolandi.

«Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-son Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun 2021 yil 27 aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2021 yil 29 mayda ma'qullangan.

«Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 18 mayda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2021 yil 29 mayda ma'qullangan.

Hujjat Prezident tomonidan quyidagi shartlar bilan imzolangan:

«O‘zbekiston Respublikasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z hayotining barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini tan oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konvensiya tegishli holatlarda va qonunga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘llab-quvvatlashdan foydalanishini hamda qarorlar qabul qilish mexanizmlarini almashtirishni ta'minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning muomala layoqatini cheklashga yo‘l qo‘yadi deb tushunganligini ma'lum qiladi.

Konvensiyaning 12-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarorlar qabul qilishning o‘rnini bosuvchi mexanizmlarning bekor qilinishini talab etadigan modda sifatida talqin etilishi mumkin bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi tegishli sharoitlarda hamda lozim darajadagi va samarali kafolatlarga rioya etish sharti bilan ushbu mexanizmlardan foydalanishni davom ettirish huquqini o‘zida qoldiradi».

Mavzuga oid