10:12 / 16.06.2021
11197

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori o‘zgardi 

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektori o‘zgardi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 iyundagi 372-son qarori bilan Baxtiyor Shuhratovich Mahkamov Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Baxtiyor Mahkamov 1985 yilda tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 2006 yil Toshkent davlat texnika universitetining moliyaviy menejment yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrni tamomlagan. 2008 yil Toshkent axborot texnologiyalari universitetining menejment (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.

U o‘z vaqtida Ichki ishlar vazirligida, so‘ng Elektromagnit moslashuv markazida «Radiochastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish bo‘limi» boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2020 yil yanvaridan dekabrigacha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Radiochastota spektridan foydalanishni tartibga solish» bo‘limi boshlig‘i, Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining kotibi bo‘lgan. 

Baxtiyor Mahkamov shu paytga qadar Elektromagnit moslashuv markazi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning oktyabr oyi boshlarida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Sarvar Boboxo‘jayev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori lavozimiga tayinlangandi.

Top