O‘zbekiston | 08:56 / 17.06.2021
11544
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Foto: KUN.UZ

“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

2021 yil 1 sentyabrgacha ochiq ma'lumotlar portali davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi.

2021 yil 1 avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Agentlik, jumladan:

  • davlat organlari va tashkilotlarining ma'lumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi;
  • murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. 

2021 yil 1 dekabrdan:

  • yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
  • quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:
  • Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
  • taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.

Farmon loyihasidagi quyidagi takliflar qabul qilinmadi:

  • respublikadagi har qanday bino va inshootlarning mulkdori yoki egasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, mazkur bino va inshootlarning manzilini kiritish orqali bilish elektron interaktiv xizmatini ishga tushirish;
  • “avtomobil tarixi” to‘g‘risidagi ma'lumotlar, avtomototransportlar beriladigan ro‘yxatdan o‘tkazish milliy davlat raqami belgilari, avtotransportlar ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomalarining seriya hamda raqamini kiritish va haq to‘lash orqali aniqlash elektron interaktiv xizmatini ishga tushirish. 

Mavzuga oid