O‘zbekiston | 10:35 / 29.06.2021
7780
2 daqiqa o‘qiladi

Bank sirlari prokuror sanksiyasi bilan taqdim etiladigan holatlar belgilandi

Foto: vyopta.com

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar prokurorning sanksiyasi bilan quyidagi holatlarda taqdim etiladi:

  • prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha holatlarni aniqlash, shuningdek yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni ta'minlash maqsadida – tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra;
  • tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida – tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.

Tegishli o‘zgartishlar «Bank siri to‘g‘risida»gi va «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritildi. Qonun bundan 3 kun oldin, 26 iyunda Senatda ma'qullangan edi.

Endilikda tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishi doirasida Markaziy bankning ma'lumotlar bazasidan hisobvaraqalar mavjudligi haqidagi ma'lumotlar avtomatlashtirilgan rejimda olinadi.

Mavzuga oid