2021/22 o‘quv yili uchun Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi 3ta ixtisoslashtirilgan maktabga qabul kvotalari belgilandi. Bunda Al-Xorazmiy maktabining 5- va 10-sinflariga, Mirzo Ulug‘bek va Abu Ali ibn Sino maktablarining 7- va 8-sinflariga qabul bo‘ladi.
![](https://storage.kun.uz/source/7/s-iYN1dxqh4NsOQmfueVnGn2aZ9QwZFd.jpg)
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining Iqtidorli yoshlarni tanlab olish shu'basi rahbari va qabul komissiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Xudoyqulov ixtisoslashtirilgan maktablarga ajratilgan qabul kvotalari haqida ma'lumot berdi.
“Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi axborot kommunikatsiya va texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinflari uchun 120ta va 10-sinflari uchun 144ta kvota ajratilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika matematika, astronomiya va informatikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinfiga 40 nafar va 8-sinfiga ham 40 nafar kvota belgilangan.
Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinfiga jami 120 nafar, bunda 80 nafar o‘zbek va 40 nafar rus sinflariga va 8-sinfiga ham xuddi shunday jami 120 nafar, bunda 80 nafar o‘zbek va 40 nafar rus sinflariga qabul kvotasi ajratilgan”, – deya Xudoyqulovning 3 iyul kungi matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Agentlik tizimidagi 3ta ixtisoslashtirilgan maktabga hujjatlar qabuli 1-20 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Bunda, ota-onalardan ariza.piima.uz sayti orqali o‘quvchining 3x4 rasmi, guvohnomasi va 2020/21 o‘quv yilida yakunlagan sinfi bo‘yicha tasdiqlangan baholar tabelini topshirishlari talab etiladi.