Jahon | 22:21 / 06.07.2021
6859
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Yerni «kamikadze» kemalar yordamida asteroidlardan himoya qilmoqchi

Foto: Pixabay

Xitoy hukumati sayyoramiz uchun tahdid soluvchi asteroidni bartaraf etish uchun koinot flotini tashkil etishini e'lon qildi. SCMP’ning xabar berishicha, Xitoy bu maqsadda Yerga xavf soladigan asteroidlar orbitalarini o‘zgartirish uchun «Chanchjen-5» raketalari negizida o‘nlab noyadroviy zarbdor vositalarni ishlab chiqadi.

 Avvalroq AQShning NASA koinot agentligi HAMMER (Hypervelocity Asteroid Mitigation Mission for Emergency Response) deb nomlangan loyihani taqdim qilgan. Loyihada xavfli asteroidlar orbitasini yadro quroli qo‘llamagan holda o‘zgartirish mumkinligi aytilgan. Buning uchun kinetik energiyasi asteroid harakatlanish trayektoriyasini o‘zgartira oladigan ko‘p sonda raketalar qo‘llanadi. Asteroidga qarshi yadro quroli qo‘llash esa Yer aholisi uchun vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

 Xitoyning ta'kidlashicha, asteroidlar orbitasini o‘zgartirish bo‘yicha noyadroviy loyihani yaqin 10 yil ichida yakunlash mumkin. Xitoy bu maqsadda kamikadze-kemalarga ega 23ta raketa ishlab chiqadi. Bunday flot o‘z parvozidan 3 yil o‘tib asteroid orbitasini xavfsiz orbitaga o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi. Xitoylik tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, buning uchun ushbu flotga AQShda mavjud vositalarga qaraganda 2 marta kamroq zarba kuchi talab etiladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid