Yevropa Ittifoqi Belarusdan Viktor Babarikoni darhol ozod etishni talab qildi
Yevropa Ittifoqi Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzod Viktor Babarikoning 14 yilga ozodlikdan mahrum qilinganiga izoh berdi. Bryusselning ta'kidlashicha, Babarikoga qarshi sud jarayoni siyosiylashtirilgan. Shu sababli Yevropa Ittifoqi Minskdan Babarikoni va boshqa siyosiy mahkumlarni darhol ozod etishni talab qiladi.
«Babariko 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U 2020 yil 18 iyundan beri yagona sabab – 2020 yilgi prezident saylovlarida nomzod bo‘lishga o‘z siyosiy huquqini amalga oshirmoqchi bo‘lgani uchun panjara ortida ushlab turilibdi. Ushbu hukm Belarus sudlari tomonidan siyosiylashtirilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan kamida 125ta adolatsiz qarordan biridir», deb aytgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar xizmati spikeri Peter Stano.
U Belarusda 530dan ko‘proq siyosiy mahkum borligini eslatib o‘tgan.
«Yevropa Ittifoqi janob Babariko va barcha siyosiy mahkumlar, hibsga olingan jurnalistlar va asosiy huquqlarini amalga oshirish uchun ozodlikdan mahrum etilgan barcha odamlarning darhol va so‘zsiz ozod qilinishini talab qiladi. Tuzum repressiyalar va adolatsizlikni bas qilishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi lozim», deb qo‘shimcha qilgan Yevropa Ittifoqi vakili.
Avvalroq Belarus oliy sudi «Belgazprombank»ning sobiq rahbari, Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzod Viktor Babarikoni 14 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U 2020 yil avgustda Belarusda o‘tgan prezident saylovlarida Aleksandr Lukashenkoga asosiy raqib hisoblangan, biroq hibsga olinib, saylovlarda ishtirok etishga qo‘yilmagan.
Sud versiyasiga ko‘ra, Babariko va «Belgazprombank»ning boshqa boshqaruvchilari bir qator tijoriy tuzilmalar manfaati yo‘lida harakat qilib, buning uchun 2004 yildan 2020 yilgacha ularning vakillaridan pul mablag‘lari olib kelgan. Babarikoga soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, moliyaviy firibgarliklar hamda pora berish ayblovlari qo‘yilgan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan va o‘ziga qarshi olib borilgan ishni siyosiylashtirilgan deb atagan.
Mavzuga oid
14:48 / 24.11.2024
London YeI bilan munosabatlarni tiklash uchun muzokarachi qidirmoqda
18:56 / 19.11.2024
YeI Xitoy kompaniyalaridan ishlab chiqarishlarini Yevropaga joylashtirishni talab qiladi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
17:48 / 06.11.2024