Jahon | 08:45
794
3 daqiqa o‘qiladi

Kaya Kallas: Yirik davlatlar YeIni bo‘lib tashlashga urinmoqda

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Rossiya, AQSh va Xitoy manfaatlari parchalangan Yevropa bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Uning fikricha, ushbu davlatlar Yevroittifoqning kuchli va birlashgan bo‘lishini istamaydi.

Foto: picture alliance

Politico nashrining yozishicha, Kallas bu haqda 17 may kuni Tallinnda bo‘lib o‘tgan Lennart Meri konferensiyasida so‘zlagan.

“Nega bu davlatlar Yevroittifoqni parchalashni xohlaydi? Chunki biz birga bo‘lsak, ancha kuchli bo‘lamiz”, — dedi u.

Kallasga ko‘ra, Rossiya, Xitoy va AQSh YeIni yoqtirmasligining asosiy sababi — Yevropa davlatlari birlashgan holda teng kuch sifatida harakat qila olishidir.

“Agar biz birga harakat qilsak, kuchlimiz. Albatta, katta blokka qaraganda kichik davlatlar bilan alohida ishlash osonroq”, — dedi YeI bosh diplomati.

Uning ta’kidlashicha, “men siz bilan yaxshi munosabatdaman, lekin Yevroittifoqni yoqtirmayman” mazmunidagi ritorika AQShning “bo‘lib boshqar” strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Kallas YeIga a’zo davlatlarni Vashington bilan ikki tomonlama kelishuvlar orqali ittifoqni zaiflashtirmaslikka chaqirdi.

“Ba’zi davlatlar shu yo‘ldan ketayotganini ko‘rib, jiddiy xavotirdaman. Bo‘linish haqiqatan ham ish bermoqda”, — dedi u.

Politico qayd etishicha, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan keyin ayrim Yevropa davlatlari Vashington bilan alohida aloqalarni saqlab qolishga harakat qilgan. Masalan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Yevropa va AQSh o‘rtasida vositachi bo‘lishga uringan, ammo bu strategiya Trampning papa Lev XIVni tanqid qilishi ortidan muvaffaqiyatsiz tugagan.

Avvalroq Kaya Kallas Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoderni Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida YeI vakili sifatida tayinlash taklifini ham rad etgan edi.

“Agar Rossiyaga bizning nomimizdan muzokarachi tayinlash huquqini bersak, bu unchalik oqilona qaror bo‘lmaydi”, — degan Kallas 11 may kuni Bryusseldagi YeI tashqi ishlar vazirlari yig‘ini oldidan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid