Jahon | 08:46 / 11.07.2021
10046
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqdi

Avstraliya qo‘shinlari Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Oxirgi yillarda Avstraliyaning Afg‘onistondagi harbiy kontingenti 1,5 ming harbiydan 80 kishigacha qisqartirilgandi.  

“Ayni vaqtda ushbu harbiy amaliyot poyoniga yetdi. Qo‘shinlarni olib chiqish uchun qulay fursat keldi, biroq bu AQSh bilan birgalikdagi kampaniyalarda ishtirok etmasligimizni anglatmaydi”, deb aytgan Avstraliya mudofaa vaziri Piter Datton.

U qo‘shinlar olib chiqilgandan keyin ham Avstraliya Afg‘oniston bilan terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha ittifoqdosh bo‘lib qolishini ta'kidlab o‘tgan.  

Avstraliya mudofaa vaziri ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy amaliyotda 39 mingdan ko‘proq avstraliyalik harbiy ishtirok etgan, ulardan 41 nafari halok bo‘lgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden AQShning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi 31 avgustgacha yakunlanishini ma'lum qilgan. Hozirda AQSh harbiy kontingentining katta qismi Afg‘onistonni tark etib bo‘ldi.

AQShning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish qaroridan keyin “Tolibon” va afg‘on hukumati o‘rtasidagi ixtilof keskinlashdi. Toliblar hukumat qo‘shinlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlab, 9 iyulda Afg‘oniston hududining 85 foizi ustidan nazoratni qo‘lga kiritishganini e'lon qilishgan.  

Mavzuga oid