Jahon | 17:47 / 19.07.2021
19432
2 daqiqa o‘qiladi

Charlie Hebdo'dagi mojaroli karikatura muallifi Kurt Vestergor vafot etdi

Daniyalik rassom Kurt Vestergor 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda AFP mahalliy nashrlarga tayanib xabar tarqatgan.

Foto: AP

Rassomning oila a'zolari Berlingske gazetasiga u uyqusida o‘lib qolganini xabar qilgan. Uning o‘limiga uzoq yillik kasallik sabab bo‘lgan.

Kurt Vestergor musulmonlarda norozilik uyg‘otgan karikatura chizgani bilan tanilgan. U islom olamining oxirzamon payg‘ambari Muhammad (s.a.v)ni o‘z karikaturasida tasvirlagani uchun butun dunyoda noroziliklarga sabab bo‘lgan. Daniyadagi Jyllands-Posten gazetasida bunday karikaturalardan 12 tasi e'lon qilingan.

Karikaturalar e'lon qilingach, Daniyadagi musulmonlar keskin norozilik bildiradi. Daniyada odamlarga hujumlar uyushtirishadi, bir nechta teraktning oldi olinadi. Karikaturalar to‘lqinida yuzaga kelgan butun dunyodagi namoyishlarda 50 dan ortiq odamlar halok bo‘ladi. Bir nechta arab davlatlari Daniyadan elchilarini chaqirib oladi, ba'zi musulmon davlatlar Daniya mahsulotlariga boykot e'lon qiladi. 2006 yilga borib Jyllands-Posten gazetasi rasman uzr so‘rab chiqadi.

Biroq bu vaqtda dunyodagi boshqa gazetalar nashrga birdamlik izhor qilish uchun karikaturalarni e'lon qilishdan to‘xtamayotgandi. Ulardan eng mashhuri Fransiyaning Charlie Hebdo satirik jurnali edi. Aynan karikaturalar sabab 2015 yil jurnal tahririyatida terakt uyushtirilib, 12 kishi otib tashlanadi.

Kurt Vestergor uzoq yil katta bosim ostida yashashga majbur bo‘ladi. Uni bir necha marta o‘ldirishga harakat qilishadi. Keyinchalik hukumat rassom va oilasiga doimiy qo‘riqchi ajratadi. U o‘limiga qadar politsiya nazoratida, uyining manzili sir tutilgan holda yashaydi. Ba'zi harakatlar Vestergorni o‘ldirganga mukofot ham va'da qilgandi.

Mavzuga oid