Jahon | 09:29 / 22.07.2021
25873
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda 230 ming kishi ishtirokida mashg‘ulotlar boshlandi

Foto: Sputnik

Tojikistonda 22 iyulga o‘tar kechasi jangovar shaylikni tekshirish bo‘yicha “Chegara-2021” mashg‘ulotlari boshlandi. Ularda respublika qurolli kuchlarining barcha bo‘linmalari va kuch tuzilmalari ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar mahalliy vaqt bilan soat 2:00da prezident Imomali Rahmon buyrug‘i bilan boshlangan.

Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo prezidentga mashg‘ulotlarda qurolli kuchlar va kuch tuzilmalari shaxsiy tarkibining 100 ming xodimi va 130 ming zaxiradagi zobit va askarlar ishtirok etayotganini ma'lum qilgan.

“Mashg‘ulotlar davomida belgilangan joylarga 1023ta zirhli texnika birligi, 3167ta maxsus avtomobil texnikasi, 447ta artilleriya qurilmasi, zambarak va minomyotlar, 254ta havo hujumiga qarshi mudofaa birligi, 45ta samolyot va jangovar vertolyot joylashtirilgan”, deb ma'lum qilingan mudofaa vazirligi xabarida.    

30 iyulda Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar boshlanadi. Ularda 1,5 mingga yaqin harbiy ishtirok etishi kutilmoqda. 5 avgustda esa Tojikistonning Xatlon viloyatida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokida yana bir mashg‘ulot o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ushbu mashg‘ulotlar Afg‘onistonda “Tolibon” harakati faollashgani ortida vaziyat keskinlashgani bilan bog‘liq holda o‘tkazilmoqda. Avvalroq toliblar Afg‘onistonning 85 foiz hududini nazorat qilayotganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid