Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning Iroqdan chiqib ketishi Yaqin Sharqqa qanday ta'sir qiladi?
Avval Afg‘oniston, endi esa Iroq. Iroq bosh vaziri Mustafo al Qadimiy AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashish uchun Oq uyga tashrif buyurganida AQShning ushbu mamlakatda qolgan barcha jangovar kuchlari «AQSh-Iroq strategik muloqoti» doirasida joriy yilning oxiriga qadar chiqib ketishi ma'lum qilindi. Ushbu bayonot ikkita savolning tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda:
Birinchidan, bu holat mintaqada qanday o‘zgarish yaratadi?
Ikkinchidan, ushbu vaziyat Yaqin Sharqning katta qismini dahshatga solgan va olis London, Trinidad va hatto Avstraliyadan ham jangchilar yollashga qodir bo‘lgan IShIDning qaytishiga imkoniyat paydo qiladimi?
AQSh 18 yil oldin bosib olingan Iroqda hozirda atigi 2 ming 500 nafar oddiy askar va IShIDga qarshi jang qilayotgan kichik, ammo soni ma'lum qilinmagan maxsus askarlar qolgan, xolos.
Ma'lumot uchun, AQSh Iroqqa bostirib kirishi paytida 160 ming kishilik qo‘shinni ushbu hududga joylashtirgandi.
Iroqdagi AQSh qo‘shinlari hozirda faqat uchta bazada joylashgan. Bu kuchlar Eron homiyligidaligi aytiladigan qurolli guruhlarning raketalari va dronlari nishoniga aylanmoqda.
Ayni paytda AQSh harbiy xizmatining asosiy vazifasi Iroq xavfsizlik kuchlarini IShIDning vaqti-vaqti bilan kuchayib borayotgan hujumlariga qarshi o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashdir. Biroq AQSh harbiylarining mamlakatda bo‘lishi juda ziddiyatli masala.
Ayniqsa, 2020 yil AQSh tomonidan Eronning «Al-Quds» kuchlari qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy va Iroq shialari qo‘mondoni o‘ldirilgandan beri Eronning yuqori martabali siyosatchilari va qurolli guruhlari amerikalik askarlarning mamlakatni tark etishini talab qilmoqda.
Hatto biror siyosiy blokning bir qismi bo‘lmagan iroqliklar ham o‘z davlatlarining chet el kuchlaridan ozod bo‘lganini ko‘rishni istashadi. Chunki xorijliklar anneksiyasi Iroq xalqi uchun juda jiddiy hissiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Vashingtonda ham askarlarni qaytarish tarafdori bo‘lganlar bor. Biroq ular bu ishni «Iroqni Eronga topshirish» evaziga amalga oshirmaslik kerak, deb ta'kidlashmoqda.
Bayden Yaqin Sharqdagi «abadiy urushlar» deb ta'riflagan urushdan AQSh ham uzoq vaqtdan beri chiqib ketishga harakat qilmoqda. AQSh va uning ittifoqchilari tobora ko‘proq e'tiborini Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Xitoy dengiziga qaratayotgan bir paytda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish jarayoni ham tobora tezlashmoqda.

IShID qayta paydo bo‘ladimi?
Bu o‘zgarishlar fonida IShIDning qayta paydo bo‘lishi va tarixni takrorlash ehtimoli jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
AQShning avvalgi prezidentlaridan Barak Obama 2011 yilda AQSh qo‘shinlari Iroqdan chiqib ketishini e'lon qilgandi. Ammo keyin ham mazkur mamlakatda AQSh askarlari qolishi davom etdi. 2014 yilda esa Iroqdagi siyosiy notinchliklar va Suriyada boshlangan fuqarolar urushi tufayli mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Mo‘sulni egallab olish va o‘z nazoratidagi hududlarni kengaytirish borasida IShID uchun mukammal muhit paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, bundan keyin ham shunga o‘xshash holat yuzaga kelishi mumkinmi? Qayta tiklangan IShID ruhiy tushkun, AQSh tomonidan harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmaydigan Iroq armiyasini yana bir bor chetga uloqtirib tashlashi oson bo‘lib qolmaydimi?
Bir qator sabablarga ko‘ra, bunday bo‘lishining ehtimoli oldingiga nisbatan kamroq.
2010-yillarning o‘rtalarida IShID Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiyning shia hukumatiga qarshi bo‘lgan sunniylarning keskin noroziligidan foydalanadi. 2006-2014 yillardagi bosh vazirligi davrida Malikiy sunniylarning huquqlarini muntazam ravishda cheklab qo‘yadi va o‘z siyosati bilan ularning ko‘pchiligini IShIDning shay turgan qo‘llariga otadi.
Bugungi siyosiy vaziyat garchi mukammallikdan yiroq bo‘lsa-da, Iroqning turli etnik guruhlari uchun ma'qul.
Ikkinchi sabab shundaki, IShID mag‘lub bo‘lganidan beri AQSh va Buyuk Britaniya ko‘p vaqt va kuch sarflab, Iroqning harbiy kuchlarini o‘qitdi. Ushbu harbiy ta'limning NATO ko‘magida davom etishi ko‘zda tutilgan.
Uchinchidan, IShIDning strategik rahbariyati arab dunyosining markazida kuchli qurollangan xavfsizlik kuchlariga qarshi kurashish o‘rniga, Afrika va Afg‘oniston kabi hukumat ta'siri kuchli bo‘lmagan hududlarda o‘z faoliyatini amalga oshirishga ko‘proq e'tibor qaratgan ko‘rinmoqda.
«IShID isyonchilarining hujumlari Iroq hukumati tomonidan jilovlanganga o‘xshaydi. Ammo Iroq sunniylari bilan bog‘liq siyosiy kelishuv bo‘lmasa, bu qo‘zg‘olonning asosiy sabablari o‘z joyida qoladi», deydi Buyuk Britaniyaning sobiq zobiti, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlil markazining mudofaa bo‘yicha tahlilchisi Ben Barri.
G‘arbning asosiy e'tibori boshqa mintaqalarga qaratilganidan foydalanib IShID 2014 yilning yozida Yaqin Sharqda muvaffaqiyatli harbiy kampaniya o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgandi.
Keyin esa IShIDni mag‘lub etish uchun 80 davlatdan iborat koalitsiyaga besh yil va milliardlab dollar sarflandi. Bugun hech kim ushbu voqealarni qayta boshdan kechirishni istamaydi.
Shuning uchun AQSh juda oz sonli qo‘shin qoldirib, asosiy jangovar kuchlarini olib chiqib ketayotgan bo‘lsa-da, G‘arb davlatlari ham IShID yoki boshqa radikal guruhlar chet elda, ayniqsa, G‘arbda hujumlar uyushtirish uchun Iroqdan tayanch sifatida foydalanish-foydalanmasligini bilishni istashadi.
«Agar AQSh IShID ushbu mamlakatdan tashqarida AQSh nishonlariga hujum tayyorlayotganini aniqlasa, Vashington unga bir tomonlama hujum qilishi mumkin», deydi Barri.
AQSh Fors ko‘rfazida, yaqin va ochiq dengizda katta harbiy kuchga ega. Shu sababli, uning bunday aralashuvni amalga oshiruvchi vositalari mavjud.

Eronning uzoq muddatli o‘yini
1979 yildagi inqilobdan beri Eron AQSh kuchlarini ushbu mintaqadan chiqarib yuborishga va o‘zini mintaqadagi yetakchi kuch sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda.
Biroq Fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlarida Eronga bo‘lgan ishonchsizlik kuchaygani va AQSh o‘zining 5-flotini joylashtirgan Bahrayn kabi oltita davlatda bazalar mavjudligi sababli, ushbu maqsadlarni amalga oshirish juda muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb aytib bo‘lmaydi.
2003 yilda AQSh boshchiligida Saddam Husayn rejimining Iroqda ag‘darilishi Eronning tobora kuchayib borayotgan ta'siri yo‘lidagi eng katta to‘siqni olib tashladi. O‘shandan beri Tehron imkoniyatni boy bermayapti. U shia jangarilarini Iroq xavfsizlik tashkiloti tarkibiga muvaffaqiyatli kirita oldi. O‘ziga xayrixoh shaxslarni esa siyosatda kuchli mavqega olib keldi. Suriyadagi fuqarolar urushi Eronga katta harbiy kuchlar eshigini ochdi, qo‘shni Livandagi ittifoqchisi «Hizbulloh» esa mamlakatdagi eng muhim kuchga aylandi.
Eron uzoq muddatli o‘yin o‘ynamoqda. Mamlakat rahbarlari bosimni ochiq yoki yashirin ushlab turish orqali Yaqin Sharqni oxir-oqibat AQShning «qo‘li tegmaydigan» mintaqaga aylantirishga umid qilmoqda.
AQSh bazalariga tez-tez raketa hujumlari uyushtirilishi va AQSh harbiylarini mamlakatni tark etishga chaqirgan fuqarolik noroziliklari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining ortida mana shu narsa turibdi.
AQShning Iroqdagi harbiy operatsiyalarini tugatish to‘g‘risidagi kelishuv Tehronda ko‘pchilik tomonidan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan qadam sifatida ko‘riladi.
Mavzuga oid
23:18 / 07.04.2026
Iroqda o‘g‘irlab ketilgan amerikalik jurnalist Shelli Kittlson ozod qilindi
12:11 / 21.03.2026
NATO Erondagi urush sabab Iroqdagi missiya xodimlarini olib chiqmoqda
15:03 / 13.03.2026
Iroqdagi harbiy bazaga dron zarbasi oqibatida fransuz harbiysi halok bo‘ldi
11:10 / 13.03.2026