O‘zbekiston | 10:27 / 02.08.2021
19002
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Zomindagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish jarayoni

Mudofaa vazirligi bo‘linmalari Zomin tumanidagi o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishda ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Zomindagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish jarayonlari aks etgan videolavhani taqdim etdi.

«400 nafar harbiy xizmatchidan iborat batalon favqulodda holat xabarini olgandan so‘ng tezkorlik bilan yong‘in sodir bo‘lgan hududga yetib kelib, vazifani bajarishga kirishgan.

Bir vaqtning o‘zida Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlari vertolyot aviatsiyasi zvenosi tomonidan Zomin suv omboridan yigirma marotabadan ortiq maxsus vosita yordamida suv olinib, havodan olov o‘choqlariga 30 tonnadan ziyod suv tashlangan», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Ta'kidlanishicha, hozirgi vaqtda vazirlik bo‘linmalari va vertolyot aviatsiyasi mazkur hududda tozalash ishlarini amalga oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni ertalab soat 10:40larda Jizzax viloyati Zomin tumani «Duoba» MFY O‘riklisoy aholi punkti hududiga yaqin joyda yuz bergan yong‘in soat 18:20lar atrofida batamom o‘chirilgan. FVV matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan, yaqin atrofdagi aholi punktlariga olov o‘tmagan. Jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. 

Mavzuga oid