Sport | 15:29 / 06.08.2021
22022
7 daqiqa o‘qiladi

Messi qayerga ketadi: «PSJ»? «Siti»? Yoki baribir «Barsa»da qoladimi?

Superyulduzning kelajagi bo‘yicha variantlarni ko‘rib chiqamiz.

Foto: Reuters

5 avgust, payshanba oqshomidagi kutilmagan xabar futbol olamini «portlatdi»: «Barselona» Lionel Messi 18 yillik faoliyatidan keyin klubni tark etishi haqida rasman e'lon qildi. Shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bu haqda tez orada rasman e'lon qilinishi haqidagi xabarlar ortidan kutilmaganda Messi bilan shartnomani yangilashning imkoni bo‘lmagani ma'lum bo‘ldi. La Ligadagi moliyaviy cheklovlar sababli bir-biriga deyarli sinonim so‘zlarga aylangan Messi va «Barsa»ning yo‘llari bu safar ayro tushdi. Qariyb 40 kundan buyon jamoasiz bo‘lgan Messi endi qayerga yo‘l oladi?

«PSJ»

Argentinalik hujumchi uchun ehtimoli eng yuqori bo‘lgan manzil – Parij. Yevropaning barcha klublari orasida Messining maoshini to‘lashga qurbi yetadigan kam sonli klublardan biri aynan «PSJ»dir. Lionel «Barsa»da yiliga o‘rtacha 138 million yevro maosh olardi va moliyaviy vaziyat tufayli maoshi 50 foizgacha qisqarishiga ham rozi bo‘lgandi. Shunga qaramay, Messiga yiliga 50 million yevro maosh berishni hamma klub ham o‘ziga ravo ko‘rolmaydi. «PSJ» uchun esa bu muammo emas.

Parijliklar o‘tgan yilda ham Messini o‘z safiga qo‘shib olishni istashgan, qishda esa Anxel Di Mariya «Barsa» hujumchisining Fransiyaga ko‘chib kelish ehtimoli yuqoriligini aytgandi. Darvoqe, bir necha kun oldin Lionel «PSJ» futbolchilari – Di Mariya, Neymar, Paredes va Verratti davrasida suratga tushgandi. Bu esa argentinalikning Parijga ko‘chib o‘tishi haqidagi mish-mishlarni reallikka aylantirayotgandek.

Qatarlik shayxlar Parijda orzudagi jamoani tuzishmoqda: yozda klub Hakimi, Donnarumma, Veynaldum, Ramos singari yulduzlarni taklif etgandi. Qizig‘i, bu yulduzlarning uch nafari Parijga erkin agent sifatida kelgan. Messi ham Fransiya top-klubiga transfer pulisiz kelib qo‘shilishi mumkin.

«Manchester Siti»

Pep Gvardiola 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshida Messi bilan birga afsonaviy «Barsa»ni yaratgan va bu safar ularning «Manchester Siti»da yana birgalikda ishlashi katta voqelik bo‘lardi. Bir yil avval Suaresning «Kamp Nou»ni tark etishi ma'lum bo‘lgach, Leo klub rahbariyatiga norozilik demarshi sifatida kataloniyaliklar mashg‘ulotlariga bormay qo‘ygach, «shaharliklar» uni Manchesterga olib kelishga uringandi. Ispan matbuotiga ishonilsa, Gvardiola o‘shanda Messi bilan suhbatlashib, uni klubda qolishga chaqirib, «Manchester Siti»ga o‘tishidan barcha zarar ko‘rishini tushuntirgan. O‘shanda «Siti» moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzishda ayblanib, UYeFA tomonidan yevrokuboklardan chetlatilishiga oz qolgandi.

«Manchester Siti» uchun hozirgi vaziyatni avvalgisidan yaxshi deb bo‘lmaydi. «Barsa»ning Messi haqidagi bayonotidan yarim soat o‘tib, «Siti» Jyek Grilish transferini e'lon qildi. «Aston Villa» yarimhimoyachisi uchun 117,5 million yevro to‘langan. Endi esa rahbariyat «Tottenhem»dan Harri Keyn transferini amalga oshirish ishlarini olib bormoqda.

Ammo o‘tgan yildan farqli jihati bu safar Messi uchun transfer puli to‘lanmaydi. Shunday ekan, Leoning yana Gvardiola qo‘l ostida to‘p surish imkoniyatini rad etib bo‘lmaydi.

Italiya

O‘tgan yozda «Inter» Messini sotib olmoqchi bo‘lgan klublardan biri bo‘lgandi – klubning xitoylik egalari argentinalikni Milanda ko‘rmoqchi edi. Ammo pandemiya davrida yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar sababli Suning Commerce Group Xitoydagi klublarni moliyalashtirish to‘xtatilganini e'lon qildi va bu «Inter»ga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. «Inter»ni chempion qilgan murabbiy Antonio Kontening jamoani tark etishi ham klubning maqsadlari o‘zgargani bilan bog‘liq edi. Iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli «Inter» goleadori Romelu Lukakuni ham «Chelsi»ga sotishga tayyorlanmoqda.

Messi uchun Italiyadagi yana bir qiziqarli variant – «Yuventus». Ammo bu orzudagi transferlar turkumidan. Har qanday muxlis Krishtianu Ronaldu va Messini bir jamoada ko‘rishni istaydi, bu «Yuve» uchun ham auditoriyaning juda kengayishiga sabab bo‘lardi. Biroq hozirda voqealar rivojining bunday tus olishiga ishonish qiyin.

MLS

Messida Yevropadan tashqarida ham variantlar talaygina. Leo 2013 yilda bergan intervyusida karerasi yakunida Argentinaga qaytib, futbolchilik faoliyatini ilk klubi «Nyuells Old Boyz»da tugatmoqchi ekani haqida aytgandi. U aynan ushbu jamoadan «Barselona»ga o‘tgan.

Ammo 34 yosh – faoliyatni yakunlash haqida o‘ylash uchun erta. MLS – realroq variant. Mart oyida Mundo Deportivo nashri Messi 2023 yilda Devid Bekhem egaligidagi jamoa – «Inter Mayami» safiga o‘tishi haqida yozgan edi. Balki, barchasi tezroq amalga oshar, kim biladi deysiz?

«Barselona»

Albatta, «Barsa» haqida unutishga hali erta. To‘g‘ri, kataloniyaliklar Messi klubdagi faoliyatini davom ettirmasligini ma'lum qilishdi, ammo bayonot juda jo‘n yozilgan. Hozirda shunisi aniqki, La Ligada kelishuvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari sababli shartnoma imzolab bo‘lmaydi, ammo Messi va «Barsa» barchasini kelishib bo‘lgan.

Shundan kelib chiqilsa, klubning Messi borasidagi bayonoti – va-bankka borish va shu yo‘l orqali La Liga prezidenti Xaver Tebasga bosim o‘tkazishga urinishga o‘xshamoqda. U liga rahbari sifatida moliyaviy qoidalarni yumshatish va «Barsa» uchun maoshlar cheklov miqdorini oshirish imkoniyatiga ega shaxs. Shunday ekan, Messi uchun «Barselona» eshiklari hali hamon ochiq.

«SE» nashridan U.Ibodov tarjimasi.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid