11:28 / 06.08.2021
32951

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati. Erishilgan yutuqlar va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar

So‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida go‘yoki yechimi yo‘qdek tuyilgan chegara va suv-energetika sohasidagi masalalarning aksariyati ijobiy hal qilindi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning iliqlashishiga qaysi omillar ta'sir ko‘rsatdi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan, eng yirik inson salohiyati hamda barcha mintaqa mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega yagona davlat – O‘zbekiston. 2016 yil oxirigacha davlat chegaralari minalashtirilgan, suv va gaz zaxiralaridan oqilona foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar, o‘zaro chetlab o‘tish va tashqi siyosiy-iqtisodiy manfaatlarga qaram bo‘lmaslikka yo‘naltirilgan muxtor naqliyot hamda temir yo‘llar barpo etilishi natijasida mintaqada ishonchsizlik kayfiyati keskinlashib ketgandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan edi. Oxirgi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarda katta yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qancha masalalar mavjud.

Siyosiy muzlar ancha erib, 2017 yil 17 sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishilgani» va «bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishi» haqida dasturiy nutq qilgandi.

Undan avval, 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017–2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasining «chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» deya tavsiflangan 5.2-bandida «O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish» tamoyili belgilab qo‘yilgan. Fikrimizcha, «yon-atrof» atamasi ortida Afg‘oniston ham nazarda tutilgan.

Umuman olganda, tashqi siyosat davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli ichki rivojlanishi, islohotlarni amalga oshirish, aholi turmush farovonligining oshishini ta'minlash, hayot sifatini ko‘tarish uchun qulay tashqi sharoitni yaratish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish eng asosiy vazifalardan biridir. Aynan O‘zbekiston joylashgan mintaqadagi xavfsizlik barqaror rivojlanishning eng asosiy shartidir. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo davlatlari – bevosita qo‘shnilarimiz bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan.

Xo‘sh, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik va umumiy tashqi siyosat yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?

Birinchidan, prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi amalga oshdi. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng tan olindi va mintaqa davlatlarining barcha rahbarlari qo‘llab-quvvatladi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahatlashuv uchrashuvi 2018 yil 15 mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi uchrashuv 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda birinchi anjumandan farqli o‘laroq, Turkmaniston parlamenti raisi emas, Gurbanguli Berdimuhamedov ham shaxsan ishtirok etdi.

Shuningdek, Toshkent uchrashuvida keyingi yig‘ilishni Bishkekda o‘tkazishga kelishib olingan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sabab 2020 yilgi uchrashuv o‘tkazilmadi. Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining navbatdagi maslahat uchrashuvi 6 avgust kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy turizm zonasida o‘tkazilmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasida barqaror iqtisodiy va siyosiy aloqalar o‘rnatildi.

O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti sifatidagi ilk xorijiy tashrifini 2017 yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga amalga oshirgandi. Uchrashuvda transport sohasida zamonaviy infratuzilma yaratish bo‘yicha hamkorlik davom ettirilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Bu hamkorlik Markaziy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq transport tizimlarini birlashtirishi ko‘zda tutilgan. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2018 yil 23 aprel kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish doir 17ta hujjat imzolanadi. Joriy yilning 29 aprel kuni ikki davlat rahbarlari Ashxobod shahrida yana uchrashuv o‘tkazishdi. Keyingi yillardagi o‘zgarishlar sabab tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga ko‘paydi va o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 530 million dollarga yetdi, 150dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi.

O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari

Dastlab Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘lgandi. Muzokaralar yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolanadi. M-39 avtomobil yo‘lida joylashgan va 2006 yilda yopib qo‘yilgan «Oq oltin» va «Malik» avtomobil o‘tkazish punktlari qayta ochiladi.

Qozog‘iston Respublikasining hozirgi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2019 yilning 14-15 aprel kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgandi. Uchrashuvda ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 5 mlrd dollarga yetkazishdan har ikkala tomon manfaatdor ekanligi ta'kidlanadi.

O‘tgan davr mobaynida Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Qozog‘istonning Turkiston viloyati chegaralari tutashgan uchastkalarda davlatlararo chegarani demarkatsiyalash bo‘yicha bir nechta muzokaralar o‘tkazildi. 2020 yil yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama tashqi savdo aylanmasi 3 mlrd dollardan oshdi.

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari

O‘tgan yillarda O‘zbekiston-Tojikiston aloqalaridagi ko‘p yillar davomida go‘yoki yechimi bo‘lmagan, murakkab va nozik hisoblangan chegara va suv-energetika sohasidagi masalalar ham o‘z yechimini topdi. Bu o‘zgarishlarning barchasi oddiy fuqarolar hayotida sezilmoqda. Ko‘p yillar davomida birinchi marta ular o‘z qarindoshlari va do‘stlarinikiga to‘siqsiz, erkin tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Hozir O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidan har kuni 20 mingga yaqin kishi o‘tadi. 3-4 yil oldin esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 3-3,5 mingni tashkil qilar edi.

2018 yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta o‘zaro davlat tashriflari bo‘lib o‘tdi. Umuman olganda, 2016 yil sentabr oyidan boshlab O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari turli sammitlar doirasida taxminan 15 martadan ortiq uchrashishdi.

Ikki davlat rahbarlarining oxirgi uchrashuvi 10 iyun kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida hamda yuklar tranziti to‘g‘risidagi bir qancha bitimlar imzolandi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari

O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida so‘nggi 10 yil davomida ilk bor chegara masalarida ijobiy natijalarga erishildi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat yetakchisi sifatida ish boshlagach, uchinchi davlat tashrifini O‘zbekistonga amalga oshirdi. Bungacha Japarov Qozog‘iston va Rossiyaga borgandi. Tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston—Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22ta hujjat imzolandi. Ikki davlat o‘rtasida eng nozik nuqtalardan biri bo‘lgan chegaradagi muammolar yaqin kelajakda hal qilinishi ta'kidlandi.

Uchinchidan, O‘zbekistonning turli qit'alardagi ko‘plab davlatlar va davlat uyushmalari bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bojxona boshqaruvi sohasida bojxona to‘lovlari stavkalari ikki barobarga kamaytirildi, 3 ming 550 ta mahsulot nomlariga va 1 ming 122 turdagi mahsulotlarga aksiz solig‘iga import bojlarining nol stavkalari qo‘llana boshlandi.

2016-2020 yillarda barcha manbalar hisobidan asosiy kapitalga jami 89 mlrd dollarlik investitsiya kiritildi, ulardan 19,5 mlrd dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlardir.

Shuningdek, 2016-2020 yillarda respublikaning umumiy eksporti 72,5 mlrd dollarni tashkil etdi, shundan 2020 yilda 15,1 mlrd dollarlik mahsulotlar eksport qilindi, bu esa 2016 yilga nisbatan 25 foizga ko‘pdir.

2021 yil 15 mart holatiga ko‘ra, fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlar soni 90tani tashkil qiladi. Oxirgi uch yil ichida ushbu ro‘yxatdagi davlatlar soni 10 barobardan oshiq ko‘paytirildi. Bu esa ushbu davrda turistlar oqimi deyarli 4 baravar oshishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida bir qancha hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar mavjud:

Chegara muammolari

SSSR qulaganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mintaqasida chegaraviy muammolar to‘la hal etilgani yo‘q. So‘nggi yillarda davlat chegaralarini huquqiy rasmiylashtirish hamda chegaradagi bahsli hududlar muammosini uzil-kesil hal etish borasida bir qancha amaliy harakatlar o‘tkazildi. Xususan, Samarqand shahrida 2017 yil 10-11 noyabr kunlari BMT shafe'ligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi bahsli nuqtalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9 martida Tojikistonga tashrifi vaqtida chegaralardagi muammolarni hal qilish borasidagi asosiy natijalar bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shunday bo‘lsa-da Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Bu esa mintaqada integratsiya jarayonlariga jiddiy ta'sir o‘tkazadi. Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda asosiy muammolardan biri – mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlanib, tartib-taomillaridan o‘tgan huquqiy asos yo‘qligidir. Yaqin kelajajakda mintaqa mamlakatlari bu muammolarni ham hal qilishiga ishonamiz.

Iqlim o‘zgarishi

Hozirgi paytda Markaziy Osiyodagi suv resurslarining 90 foizi sug‘orma dehqonchilik uchun ishlatilmoqda. Suv qishloq xo‘jaligining asosi hisoblanadi va bu tarmoq Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat iqtisodiyotida ham muhim rol o‘ynaydi, chunki qishloq xo‘jaligi sohasi bu mamlakatlar YaIMning 10 foizidan 45 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Kelajakda Markaziy Osiyoda suv manbalarining kamayib borish tendensiyasi ro‘y berish ehtimoli mavjud. Xususan, muzliklar mintaqadagi suv resurslarining asosiy manbayi hisoblanadi va ularning eng katta qismi Tojikiston hududiga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagi muzliklar Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Ob-havo o‘zgarishi bilan Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish va xavfsizligini ta'minlash masalalari muhim ahamiyat kasb etib boraveradi. Shu sabab mintaqa mamlakatlari bu masalani oliy darajada qayta ko‘rib chiqib, tegishli dastur va strategiya ishlab chiqishi kerak.

O‘tgan yillar davomidagi ko‘plab bir qancha ijobiy o‘zgarishlardan keyin yaqin kelajakda ham mintaqa davlatlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalarning va integratsiya jarayonlarining kuchayishi, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilishi kerak.

Doston Ahrorov

Top