O‘zbekiston | 13:57 / 07.08.2021
23254
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov: «O‘zbekistonda butunlay yangicha iqtisodiy-siyosiy iqlim paydo bo‘ldi»

Bugun, 7 avgust kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda butunlay yangicha iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-ma'naviy, ilmiy-ma'rifiy iqlim paydo bo‘ldi.

“Xo‘sh, mamlakatimiz bunday maqtanishga arzigulik natijaga qanday erishdi? Erishilayotgan natijalarga aslo qoniqmaslik, muvaffaqiyatlarga mahliyo bo‘lmaslik, mavjud ahvolni haqqoniy, ishlarni muntazam tanqidiy baholashga, o‘zlarining va jamoalarining oldiga tinimsiz bir-biridan murakkab vazifalar qo‘yib, doim marrani baland olishga da'vat qilgan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat'iy siyosiy irodalari va shaxsiy namunalari bilan erishdik.

Biz juda tez amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga ko‘nikib qoldik. Ularning mohiyatini anglashga ulgurmayapmiz. Go‘yo, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan mislsiz islohotlar aynan shunday bo‘lishi kerakdek va shu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgandek qabul qilyapmiz. Aslida, buning zamirida, davlatimiz oldida turgan dolzarb muammolarni aql-idrok bilan yecha oladigan, fidoyi, mard, serg‘ayrat va tafakkuri kuchli bo‘lgan shaxsning – hurmatli Shavkat Miromonovichning qat'iyatlari mujassamdir”, dedi Abdulla Aripov.

Avvalroq, O‘zLiDeP  ham bu yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini e'lon qilgandi. Partiya navbatdan tashqari plenumida Shavkat Mirziyoyevni nomzod sifatida ilgari surdi. Uning nomzodi O‘zLiDeP qurultoyida tasdiqlanishi lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid