O‘zbekiston | 10:42 / 10.08.2021
6845
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident saylovi okruglari tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari tuzildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi 2021 yil 9 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzish va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda muhokama qilinadigan birinchi masala bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov ma'lumot berdi, u yig‘ilish qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari, ularning vazifalari, tuziladigan okruglar ro‘yxati, ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalari joylashgan joy haqida ma'lumot berdi.

Har bir saylov okrugidagi saylovchilar soni yig‘ilish o‘tkazilgan sanagacha saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimining ma'lumotlari asosida aniqlangan.

Okrug saylov komissiyalarining joylashuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta'minlanadi.

Saylov kodeksining 9-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 14 ta saylov okruglari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, saylov okruglari ro‘yxati, ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashuvi ko‘rsatilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e'lon qilinadi.

Yig‘ilishda, shuningdek, OAV vakillarini akkreditatsiya qilish masalasi ham muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqa qilish, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, saylovoldi tashviqoti davrida obektiv ma'lumotlarni keng qamrovda, tezkor va mustaqil tarqatish masalalariga alohida e'tibor qaratmoqda.

Saylov kodeksining 35-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari vakillari bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hamda ovoz berish natijalarini sanab chiqish jarayonida ishtirok etish huquqiga ega. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari vakillarining bu kabi vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.

Qonunchilik talablariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangan. Ommaviy axborot vositalari saylov kampaniyasi e'lon qilingan kundan boshlab akkreditatsiya qilish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega. Bu murojaatlarni qabul qilish saylovdan o‘n kun oldin to‘xtatiladi.

Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab bir qator ommaviy axborot vositalaridan murojaatlar kelib tushgan. Yig‘ilishda 500 dan ortiq OAV vakillariga akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha tegishli guvohnomalarni berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Kelgusida OAVdan murojaatlar bo‘yicha MSK ularning akkreditatsiyasini o‘rnatilgan tartibda amalga oshirishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid