Jahon | 14:01 / 15.08.2021
63900
6 daqiqa o‘qiladi

Kobul qamal qilindi. Imkoni borlar mamlakatni tark etishga shoshilmoqda

«Tolibon» harakati jangarilari Kobulni qurshab olib, hujumga o‘tdi. Mamlakat poytaxti hukumat kuchlari nazoratida qolayotgan eng so‘nggi yirik aholi punkti hisoblanadi.

Toliblar Lag‘monda, 15 avgust. AFP / Scanpix / LETA

«Tolibon» harakati jangarilari Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrini olish uchun yurish boshladi. Associated Press agentligi shaxsi sir qolishini so‘rab ma'lumot bergan bir necha afg‘on rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, toliblar shahar atrofidagi Kalakan, Qorabog‘ va Pag‘mon tumanlarida paydo bo‘lishgan, hozircha jiddiy to‘qnashuvlar ro‘y bermagani aytilgan.

Sky News telekanali Afg‘oniston IIVga asoslanib xabar tarqatishicha, toliblar poytaxtni barcha tomondan qurshab olib, harakat qilmoqda. Shu bilan birga, jangarilarga tashkilot rahbariyati tomonidan tinch aholiga zo‘ravonlik qilmaslik va mamlakatni tark etishni istaganlarga to‘sqinlik qilmaslik bo‘yicha buyruq berilgan.

«Tolibon» rahbariyati jangchilariga Kobul ichkarisiga kirmaslik haqida farmon bergani haqida ham xabarlar tarqalgan. 1TV telekanali ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda hukumat va toliblar o‘rtasida shaharni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Toliblar shahar xavfsizligi uchun javobgarlikni hukumat zimmasiga yuklagan va hozirda tinchlik bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini bildirgan. Ular afg‘onlarni mamlakatni tark etmaslikka chaqirib, jamiyatning barcha qatlamlariga mansub odamlarga yangi hukumatda joy topilishiga va'da berishmoqda.

Afg‘oniston prezidenti ma'muriyatining tvitterida esa aholini tinchlikka chaqirishga qaratilgan xabar paydo bo‘lgan.

«Kobulning ayrim nuqtalarida otishmalar bo‘lib turibdi, lekin Kobulga hujum bo‘lgani yo‘q, xavfsizlik kuchlari va mudofaa kuchlari shahar xavfsizligini ta'minlash uchun xalqaro hamkorlar bilan birga ishlamoqda. Vaziyat nazorat ostida», deyilgan prezident vakili.

Al-Arabia telekanali esa Kobul shimoli va janubida hukumat va toliblar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketgani haqida xabar berdi. Shahar ko‘chalarida oq bayroq ko‘targan guruhlar paydo bo‘lgan.

Toliblar Jalolobod bosh maydonida o‘z bayrog‘ini ko‘tardi, 2021 yil 15 avgust. Reuters / Scanpix / LETA

15 avgust tongida toliblar Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyati markazi, Kobulga yaqin joylashgan Jalolobod shahri to‘liq egallangani haqida e'lon qilgandi. Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy hukumat tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishidan saqlanish uchun toliblarga qarshilik ko‘rsatmasdan shaharni topshirgan.

Shuningdek, so‘nggi soatlarda Daykundi viloyati markazi Niliy va Vardak viloyati markazi Maydonshahr ham toliblar qo‘liga o‘tgan - shu tariqa, harakat bir kun davomida yana to‘qqiz viloyat markazini egallashdi. Bir necha kun oldin mamlakatning ikkinchi va uchinchi yirik shaharlari Qandahor va Hirot, 15 avgustga o‘tar kechasi Balx viloyati markazi, mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri Mozori Sharif taslim bo‘lib, Afg‘onistonning shimoliy hududlari to‘liq toliblarga o‘tgandi.

Toliblar bosib olingan Hirotda, 14 avgust. Hamed Sarfarazi / AP Photo / Scanpix / LETA
Qandahor toliblar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik vaqtida, 12 avgust
Sidiqullah Khan / AP / Scanpix / LETA

Jalolobod ham boy berilgach, toliblar qo‘liga o‘tmagan so‘nggi yirik shahar sifatida birgina poytaxt Kobul qolgandi. Associated Press agentligining xabar berishicha, Afg‘oniston hukumati qo‘lida endilikda 34 viloyatdan faqat 6tasidagi markazlar saqlanib qolmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatning barcha chegara punktlarini nazorat qilmoqda, mamlakatni faqat Kobuldagi aeroport orqali tark etish mumkin.

Kobulga hujum haqidagi xabarlar fonida naqd pul olish yoki viza uchun hujjatlar to‘g‘rilash istagidagi odamlar uzun navbatlarni hosil qilishgan. Aholi asosan Dubay, Istanbul va G‘arb davlatlari tomon uchmoqda, aviachiptalar narxi bir necha barobar qimmatlab ketgan.

Afg‘onistonliklar xorijga chiqish vizasi uchun hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida, 14 avgust.
Paula Bronstein / Getty Images

Amalda Kobul to‘liq qamal holatida, shaharga olib keluvchi barcha transport magistrallari toliblar tomonidan to‘sib qo‘yilgan. 11 avgust kuni Amerika razvedkasi «Tolibon» yaqin bir oy ichida poytaxtni ham to‘liq egallashi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Shimoliy hududlardan kelgan qochqinlar Kobuldagi parklardan biriga o‘rnatilgan palatkali lagerga joylashtirilgan. 14 avgust
Hedayatullan Amid / EPA / Scanpix / LETA
Kobulga olib boruvchi yo‘lda politsiya tekshiruvi, 14 avgust. Wakil Kohsar / AFP / Scanpix / LETA
Amerika vertolyoti Kobuldagi AQSh elchixonasi yaqiniga diplomatlar evakuatsiyasi uchun qo‘nmoqda, 15 avgust.
Rahmat Gul / AP / Scanpix / LETA

AQSh hukumati o‘z diplomatlarini Kobuldan evakuatsiya qilishga kirishgan, bu jarayon xavfsizligini ta'minlash uchun - mahalliy aeroport va elchixona himoyasiga qo‘shimcha harbiylar yuborilgan.

«Tolibon» mamlakatda 20 yil davomida bo‘lib turgan G‘arb kuchlari to‘liq olib ketilishi boshlangach, butun Afg‘oniston bo‘ylab hujumlarga o‘tgandi va mahalliy hukumat 3 oydan ortiqroq qarshilik qila oldi.

Mavzuga oid