Jahon | 15:03 / 17.08.2021
19952
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «Tolibon» bilan hamkorlikka tayyor

Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnovning ta'kidlashicha, «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi natijasida Afg‘onistondagi hayot barqarorlashgan.

Yevropa davlatlari va AQSh Afg‘onistondagi elchixonalarini evakuatsiya qilayotgan bir paytda rus diplomatlari bu haqda o‘ylayotgani yo‘q.

Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnovning so‘zlariga ko‘ra, Kobul bir kundan ko‘proq vaqt davomida «Tolibon» nazorati ostida va hozircha taassurotlar juda yaxshi.

«Elchixonaga to‘liq xavfsizlik kafolatlangan. Ashraf G‘ani davrida juda kuchli terrorchilik sodir etilgan. Deyarli har kuni shaharda 3-4 yoki 5 ta portlash bo‘lardi», – deydi u.

Ayni paytda Rossiyada «Tolibon» harakati taqiqlangan va terrorchi tashkilot hisoblanadi. Ammo iyul oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilgan. «Tolibon» IShIDga qarshi kurashish va narkotik savdosiga barham berishga va'da bergan.

«Biz «Tolibon»ga dushman emasmiz. Aks holda ular biz bilan aloqa qilmagan va Kobuldagi Rossiya elchixonasi xavfsizligini kafolatlamagan bo‘lar edi. Ha, bizning aloqalarimiz bor, biz buni yashirmaganmiz. Rossiya hozir toliblar Afg‘onistoni va boshqa yirik xalqaro hamkorlar o‘rtasida muzokaralar olib borilishi uchun yetakchi rolini o‘z zimmasiga oladi», – degan siyosatshunos Vladimir Sotnikov.

Shunday bo‘lsa-da hozircha rus hukumati Tolibonni qonuniy hokimiyat sifatida tan olgani yo‘q.

Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning ma'lum qilishicha, BMT Xavfsizlik kengashi «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarganidan keyingina Rossiya ham ularni ana shunday ro‘yxatdan chiqarishi mumkin.

BMT Xavfsizlik kengashi toliblarni 2003 yilda terrorchilar ro‘yxatiga kiritgandi. O‘sha yili Rossiya oliy sudi ham «Tolibon»ni terrorchi tashkilot deb tan olgan.

Mavzuga oid